O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi sobiq birinchi rais o‘rinbosari 8 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum etildi

O'zbekiston

Toshkent shahar Shayxontohur tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Soliq qo‘mitasi sobiq birinchi rais o‘rinbosari Mubin Mirzayev hamda yana sakkiz nafar sudlanuvchiga nisbatan hukm chiqardi. Mirzayev Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, 8 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi sobiq birinchi rais o‘rinbosari 8 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum etildi
Toshkent shahar sudlari matbuot xizmatiga ko‘ra, u JKning 168-moddasi 4-qismi "a" bandi (firibgarlik), 205-moddasi 2-qismi "a" bandi (mansab vakolatini suiiste’mol qilish) hamda 208-moddasi (hokimiyatning harakatsizligi) bo‘yicha aybdor deb topildi. Shuningdek, unga uch yil muddatga muayyan huquqlardan mahrum qilish jazosi ham tayinlandi.

Qolgan sakkiz nafar sudlanuvchi shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, qalbaki hujjatlar tayyorlash va ulardan foydalanish hamda boshqa moddalar bo‘yicha aybdor deb topildi.

Ularga 4 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud yetkazilgan zararni undirish to‘g‘risida ham qaror chiqardi. Jazoni o‘tash muddati ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan kundan boshlab hisoblanadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing