O‘zbekiston eksport qoidalarini o‘zgartirib, kichik biznes tekshiruvlariga uch yillik moratoriy joriy etmoqda

O'zbekiston

O‘zbekiston eksport imkoniyatlarini kengaytirish va tadbirkorlar uchun ma’muriy yuklamani kamaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar paketini joriy etmoqda. Asosiy tashabbuslar qatoridan «eksport navigatori» tizimini ishga tushirish, eksport elchilari institutini yaratish va kichik biznes subyektlarining ayrim tekshiruvlariga uch yillik moratoriy joriy etish o‘rin olgan.

O‘zbekiston eksport qoidalarini o‘zgartirib, kichik biznes tekshiruvlariga uch yillik moratoriy joriy etmoqda
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, eksportchilarning 40 foizi xorijiy mijozlarni topishda, 36 foizi standartlar va sertifikatlashtirish talablariga rioya etishda, 37 foizi qulay moliyaviy vositalardan foydalanishda, 33 foizi esa bozor, marketing va brend bilan ishlashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Ushbu muammolarni hal qilish uchun «eksport navigatori» tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Xorijda talab yuqori bo‘lgan 100 ta mahsulot ro‘yxati shakllantirilib, 2 mingta korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari xorijiy bozor va xaridorlar talablariga moslashtiriladi. Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash yagona tizimiga kamida $1 mlrd yo‘naltiriladi.

Tadbirkorlarga xorijiy brend ishlab chiqaruvchilarini jalb etish xarajatlarining 50 foizi — $500 minggacha, milliy brendlarni xorijda ilgari surish va xalqaro talablarga moslashtirish uchun esa $50 minggacha subsidiya beriladi. Omborlash va savdo platformalaridagi sotuv xarajatlarining yarmi, xalqaro tenderlar bo‘yicha konsalting xarajatlarining 80 foizi qoplanadi.

O‘zbekiston eksportining 60 foizini tashkil etuvchi 20 ta mamlakatda hamda yana beshta istiqbolli davlatda «eksport elchilari» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ular tegishli bozorlarga eng ko‘p mahsulot eksport qilayotgan tadbirkorlar orasidan saylanadi.

Shu bilan birga, nazorat yukini kamaytirish ko‘zda tutilmoqda. Tahlil qilingan 5 ming tadbirkorning yarmidan ko‘pi yiliga ikki-uch marta, yana 21 foizi esa to‘rt marta soliq tekshiruvlaridan o‘tgan. Sog‘liq va boshqa tadbirkorlar manfaatlariga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan kichik biznes tekshiruvlariga uch yillik moratoriy joriy etiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing