Kreditlardan logistikagacha: O‘zbekiston biznes uchun yangi imkoniyatlar paketini tayyorlamoqda

Biznes

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni e’lon qildi. Ular kreditlashni kengaytirish, sun’iy intellekt vositalarini joriy etish, davlat mulki va yer maydonlaridan biznes uchun foydalanishni soddalashtirishni nazarda tutadi. Tashabbuslar tadbirkorlar bilan ochiq muloqot doirasida taqdim etildi.

Kreditlardan logistikagacha: O‘zbekiston biznes uchun yangi imkoniyatlar paketini tayyorlamoqda
Bank kredit portfelida kichik biznes ulushi 45 foizdan 63 foizga oshdi. Birinchi yarim yillikning o‘zida kichik va o‘rta biznesga 76,5 trln so‘m kredit ajratildi. “Yagona raqamli kredit xizmatlari portali” ishga tushirildi. U orqali tadbirkor bitta ariza topshiradi va banklar mijoz uchun raqobatlashadi. Yangi biznes boshlayotganlar uchun 5 mlrd so‘mgacha onlayn kredit olish imkoniyati yaratiladi.

Tadbirkorlikning turli bosqichlari uchun “Biznes start”, “Biznes yuksalishi” va “Biznes o‘sishi” dasturlari joriy etiladi. “Biznes start” dasturida tadbirkorlar sun’iy intellekt yordamida loyihalar, kredit hujjatlari va hisobotlarni tayyorlashni o‘rganadi. Dasturga 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi, shuningdek, 200 mln so‘mgacha ta’minotsiz kredit berish imkoniyati yaratiladi.

Garov muammosini hal qilish uchun kontrkafillik tizimi joriy etiladi. 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kreditlarda garovning 30 foizini davlat, yana 30 foizini biznes kafolatlash kompaniyasi, 15 foizini banklar ta’minlaydi. Tadbirkordan 25 foiz garov talab etiladi.

Davlat mulkidan foydalanish imkoniyatlari ham kengaytiriladi. Davlat mulkini sotib olishdagi avans to‘lovi 30 foizdan 15 foizga tushiriladi. Xarid qiymatini olti oy ichida to‘liq to‘lagan tadbirkorga 25 foiz chegirma beriladi.

Shuningdek, joriy yilda umumiy qiymati $27 mlrd bo‘lgan 105 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Mahalliylashtirish uchun 50 turdagi mahsulot ro‘yxati shakllantirildi. Navoiy, Jizzax, Namangan, Urgut va Xazorasp maxsus iqtisodiy zonalarida “bond-sanoat zonalari” tashkil etilib, ularda xomashyo va butlovchi qismlar importi soliqlar va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Tadbirkorlar uchun tayyor binolar va infratuzilmaga $50 mln yo‘naltiriladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing