O‘zbekiston va Gruziya turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda: Samarqandda ilk sohaviy forum bo‘lib o‘tdi

O'zbekiston

O‘zbekiston va Gruziya turizm kompaniyalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish hamda yangi turistik yo‘nalishlarni birgalikda rivojlantirishni rejalashtirmoqda. 17-avgust kuni Samarqandda ikki mamlakatning 80 dan ortiq turizm sohasi vakillarini birlashtirgan Birinchi O‘zbekiston-Gruziya turizm forumi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Gruziya turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda: Samarqandda ilk sohaviy forum bo‘lib o‘tdi
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sanjar Tadjiev va Gruziya Turizm assotsiatsiyasi raisi Natali Kvachantiradze ishtirok etdi. Forum O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 2–3-iyul kunlari Gruziyaga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy davomi bo‘ldi.

Forumda qo‘shma turistik paketlar va yangi yo‘nalishlarni yaratish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish, shuningdek, madaniy-tarixiy, wellness, davolash-sog‘lomlashtirish, ziyorat, gastronomik, ekologik, sarguzasht va MICE turizmini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, ikki mamlakatning turistik imkoniyatlarini raqamli platformalar orqali birgalikda targ‘ib qilish, o‘zaro tanishtiruv va media-turlar tashkil etish hamda xalqaro turizm ko‘rgazmalarida birgalikda ishtirok etishga e’tibor qaratildi. Taqdimotlardan so‘ng turizm operatorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar o‘tkazilib, qo‘shma mahsulotlar va yangi biznes aloqalari muhokama qilindi.

Forum materiallariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida Gruziyadan O‘zbekistonga kelgan turistlar oqimi 25,9 foizga oshgan. Yetti oyda mamlakatga qariyb 7,75 million xorijiy turist tashrif buyurgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,6 foiz ko‘p. Turizm xizmatlari eksporti qariyb 3,9 milliard dollarni tashkil etgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing