“Germaniya uchun muqobil” Saksoniya-Anxaltd saylovlarida 43,8% ovoz bilan g‘alaba qozondi

Siyosat

O‘ng populistik “Germaniya uchun muqobil” (AfD) partiyasi Saksoniya-Anxalt federal yerining landtagiga bo‘lib o‘tgan saylovlarda ishonchli g‘alabaga erishdi. Barcha ovozlar hisoblab chiqilgach, partiya 43,8% ovoz oldi va 17,2% natija qayd etgan Xristian-demokratik ittifoqidan (XDI) ancha o‘zib ketdi.

“Germaniya uchun muqobil” Saksoniya-Anxaltd saylovlarida 43,8% ovoz bilan g‘alaba qozondi
Jami 2661 ta saylov uchastkasidan olingan ma’lumotlar hisoblab chiqildi. Uchinchi o‘rinni 9,3% ovoz bilan Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (SDP) egalladi. Sara Vagenknext ittifoqi (SVI) ham 5 foizlik to‘siqdan o‘tib, 5,3% ovoz oldi.

AfD natijasi partiyaning avtomatik ravishda bir partiyali hukumat tuzishini anglatmaydi. Landtagda 83 ta o‘rin mavjud bo‘lib, mutlaq ko‘pchilik uchun 42 ta mandat talab etiladi. “Germaniya uchun muqobil” esa 39 ta mandat olmoqda. Shu bilan birga, asosiy oqimdagi partiyalar AfD bilan koalitsiyaga kirishdan prinsipial ravishda bosh tortmoqda. Koalitsiya tuzish imkoniyati faqat besh o‘rin olgan SVI bunga rozi bo‘lgan taqdirdagina yuzaga kelishi mumkin.

AfD saylov ro‘yxati yetakchisi Ulrix Zigmund natijani tarixiy deb atadi va “hozirgidan yaxshiroq siyosat yuritishni” istagan kuchlar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, u immigratsiyani keskin qisqartirish bo‘yicha partiya pozitsiyasi muhokama qilinmasligini ta’kidladi. “Bu butun Germaniya uchun signal”, — dedi Zigmund tarafdorlariga.

G‘alabani u bilan birga Magdeburgda AfD hamraislaridan Alisa Vaydel va Tino Krupalla ham nishonladi. Vaydel Zigmund ko‘pchilik imkonsiz deb hisoblagan natijaga erishganini aytdi.

Germaniya ichki razvedkasi AfDni “o‘ng ekstremistik” deb hisoblaydi, biroq partiya rahbariyati bu ta’rifni rad etadi. Halle universiteti siyosatshunosi Marsel Levandovski Reuters agentligiga bergan izohida partiya hech bo‘lmaganda qisman o‘ng ekstremistik ekanini, jumladan, uning liberal demokratiya va siyosiy raqiblarga munosabati bunga asos bo‘lishini aytdi.

Federal darajada kansler Fridrix Merts boshchiligidagi XDI ikkinchi o‘rinni egalladi. Uning natijasi avvalgi saylovlardagi 37,1% ko‘rsatkichga nisbatan ikki baravardan ko‘proq kamaydi. Vitse-kansler Lars Klingbayl saylov natijalarini Berlindagi siyosatchilar uchun tashvishli signal deb atab, federal hukumat ularni inobatga olishini bildirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing