AQSh, Ukraina va Yevropaning Kiyevdagi muzokaralari: xavfsizlik kafolatlari va hududiy masala

Dunyo

6-sentabr, yakshanba kuni Kiyevdagi Mariinskiy saroyida AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Jared Kushner Ukraina hukumati vakillari bilan muzokara o‘tkazdi. Tomonlar uzoq muddatli tinchlik shartlari, Ukraina uchun xavfsizlik va iqtisodiy kafolatlar, shuningdek, hududiy masalani muhokama qildi.

AQSh, Ukraina va Yevropaning Kiyevdagi muzokaralari: xavfsizlik kafolatlari va hududiy masala
Bu Uitkoff va Kushnerning Ukrainaga ilk tashrifi bo‘ldi. Amerikalik vakillar bundan bir kun avval Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan qariyb uch soat davom etgan uchrashuv o‘tkazgan edi.

Muzokaralarda Ukraina tomonidan Prezident Vladimir Zelenskiy, uning ofisi rahbari Kirill Budanov, Tashqi razvedka xizmati rahbari Rustem Umerov va «Xalq xizmatkori» partiyasi parlament fraksiyasi rahbari David Araxamiya qatnashdi. Muzokaralarning ikkinchi bosqichida Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyaning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari ham ishtirok etdi.

Uitkoff uchrashuvni mazmunli va muhim deb atab, AQSh delegatsiyasi natijalardan «juda ilhomlanganini» bildirdi. Kushner Prezident Donald Trampning salomini yetkazib, AQSh Ukraina uchun uzoq muddatli tinchlikni ta’minlashga intilayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Ukraina bo‘yicha tinchlik paketini tayyorlashni topshirgan.

Kushner muzokaralarda uzoq muddatli tinchlik qanday tarkibiy qismlardan iborat bo‘lishi va undan Ukraina, Rossiya hamda butun dunyo nimalar olishi mumkinligi muhokama qilinganini aytdi. AQSh, shuningdek, Rossiya va Ukraina ishtirokidagi uch tomonlama muzokaralar formatiga qaytishni istayotganini ma’lum qildi.

Uitkoffning so‘zlariga ko‘ra, 5-sentabr kuni Putin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mojaroni tartibga solish bo‘yicha yangi g‘oyalar ilgari surilgan. Zelenskiy esa asosiy hal etilmagan masala hudud ekanini bildirdi. Shuningdek, jangovar harakatlar yakunlangach, Ukraina uchun xavfsizlik va iqtisodiy kafolatlar masalasi muhokama qilindi.

Zelenskiy urush, ehtimol, qishgacha davom etishini aytib, AQSh va Yevropadagi hamkorlar qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirdi. Financial Times manbalariga ko‘ra, Tramp vakillari Ukraina tomoniga qishgacha taraqqiyotga erishish hali ham mumkinligini aytgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing