Kamroq jarimalar, ko‘proq kafolatlar: O‘zbekiston biznes qoidalarini qayta ko‘rib chiqmoqda

O'zbekiston

O‘zbekistonda biznes ustidan davlat nazorati tizimini sezilarli darajada o‘zgartirish rejalashtirilmoqda: barcha turdagi jarimalar miqdori o‘rtacha ikki baravarga qisqartiriladi, tadbirkorlar va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda «tadbirkor qonuniyligi prezumpsiyasi» tamoyili joriy etiladi. Shu bilan birga, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish kengaytiriladi.

Kamroq jarimalar, ko‘proq kafolatlar: O‘zbekiston biznes qoidalarini qayta ko‘rib chiqmoqda
Hozirda 51 ta idora moliyaviy jarima qo‘llash huquqiga ega. Yangi tartibga ko‘ra, aybi sud tomonidan isbotlanmaguncha tadbirkor aybsiz hisoblanadi va unga nisbatan jarima yoki boshqa sanksiyalar qo‘llanmaydi. Hayot, sog‘liq yoki mol-mulkka zarar yetkazmagan birinchi qoidabuzarlik uchun «birinchi xato uchun ogohlantirish» tamoyili joriy etilib, kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun beriladi.

Tadbirkorlik bilan bog‘liq davlat xizmatlarining 50 foizi «sukut — rozilik» tamoyiliga o‘tkaziladi. Ya’ni ariza belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmasa, u avtomatik ravishda tadbirkor foydasiga hal qilingan deb hisoblanadi. 30 dan ortiq faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalarni bekor qilish, yana 35 ta yo‘nalishda ularni berish muddatini ikki-uch baravarga qisqartirish hamda 10 ta ruxsatnomani xabardor qilish tartibiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Turizm sohasida mehmonxonalarni qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun $50 mln yo‘naltiriladi. Tadbirkorlarga milliy valyutada 16 foiz stavkada, 10 yil muddatga kredit beriladi. Xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi turoperatorlar xizmatlari eksportga tenglashtirilib, QQSdan ozod qilinadi. Turistik avtobuslar, elektrobuslar va mikroavtobuslar importiga bojxona imtiyozlari yana bir yilga uzaytiriladi.

Yil boshidan buyon O‘zbekistonga 8 mln nafar xorijiy turist tashrif buyurdi, ularning mamlakatda qolish muddati o‘rtacha sakkiz kungacha uzaydi. Mehmonxonalar uchun yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyoz 2030-yilgacha uzaytiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy o‘sish yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratish, qo‘shilgan qiymatni oshirish va tashqi bozorlarni kengaytirishga tayanishi kerakligini ta’kidladi. Yangi o‘sish nuqtalari sifatida Toshkentdagi eksportga yo‘naltirilgan biznes, Andijon, Farg‘ona va Namangandagi to‘qimachilik hamda mashinasozlik, Samarqand, Buxoro va Xorazmdagi turizm va kreativ sohalar, Qoraqalpog‘istondagi «yashil» energetika, IT va sun’iy intellekt yo‘nalishlari belgilandi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing