Tadbirkorlarning mamlakatimiz taraqqiyotiga qoʻshayotgan hissasi yuksak baholandi

O'zbekiston

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, mamlakatimiz taraqqiyoti va eksport salohiyatini yuksaltirish, milliy iqtisodiyotning barqaror oʻsishini taʼminlash, investitsiyalar jalb qilish, import oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, zamonaviy xizmatlarni kengaytirish, yangi ish oʻrinlari va daromad manbalarini yaratishga munosib hissa qoʻshayotgan bir guruh tadbirkorlar davlat mukofotlari bilan taqdirlangan edi.

Tadbirkorlarning mamlakatimiz taraqqiyotiga qoʻshayotgan hissasi yuksak baholandi
Shuningdek, milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik sohasida ilgʻor tajriba va anʼanalar maktabini yaratish, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etishda ibrat koʻrsatayotgan tadbirkorlar “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoniga sazovor boʻldi.

Bugun mazkur mukofotlarni topshirish marosimi oʻtkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yigʻilganlarni “Tadbirkorlar kuni” bilan samimiy tabrikladi.

Qayd etilganidek, yurtimiz ishbilarmonlari yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, oʻz tashabbusi, bilim va tajribasi bilan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida salmoqli natijalarga erishmoqda.

Ular tomonidan yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilib, eksportbop va import oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish kengaytirilmoqda, zamonaviy xizmatlar yoʻlga qoʻyilib, aholi uchun yangi ish oʻrinlari va daromad manbalari yaratilmoqda.

Ayniqsa, oʻz sohasida ilgʻor tajriba va anʼanalarni shakllantirayotgan, izlanuvchanligi, kreativ gʻoya va tashabbuslari bilan biznesga innovatsion texnologiyalarni olib kirayotgan tadbirkorlar safi kengayib borayotgani eʼtirof etildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan shakllangan ezgu anʼanaga muvofiq, har yili ilgʻor tadbirkorlar Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanib kelmoqda. Joriy yil ham nomzodlarni tanlashda ishlab chiqarish va eksportni koʻpaytirish, investitsiya jalb qilish, aholi bandligi va farovonligini taʼminlash, shuningdek, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishda aniq natija koʻrsatayotgan tadbirkorlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Marosimda davlatimiz rahbari davlat mukofotlarini oʻz egalariga tantanali ravishda topshirdi.

Taqdirlanganlar tadbirkorlikni doimiy qoʻllab-quvvatlayotgani va ularning mehnatiga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing