Pentagon NUJlar haqidagi maxfiylikdan chiqarilgan hujjatlarning oltinchi to‘plamini e’lon qildi

Dunyo

Pentagon noma’lum anomal hodisalar (UAP), ya’ni NUJlar haqidagi materiallarning oltinchi to‘plamini e’lon qildi. Yangi to‘plamga jami 71 ta fayl — 55 ta PDF hujjat, 15 ta video va bitta audioyozuv kiritilgan. Materiallar 1952-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan hodisalarni qamrab oladi.

Pentagon NUJlar haqidagi maxfiylikdan chiqarilgan hujjatlarning oltinchi to‘plamini e’lon qildi
Fayllarning 67 tasi AQSh Mudofaa vazirligi, yana to‘rttasi Kolorado shtati huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan taqdim etilgan. 71 materialning 64 tasida ayrim qismlar tahrirlangan yoki yopilgan. To‘plam tarixiy hujjatlar bilan bir qatorda harbiy kuzatuv vositalari yordamida olingan zamonaviy tasvirlarni ham o‘z ichiga oladi.

E’tiborga molik materiallardan biri Yaqin Sharqda AQSh harbiy platformasining infraqizil sensori orqali olingan 4 daqiqa 58 soniyalik videodir. Ilova qilingan hisobotda operator obyektni soatiga 500 mil, ya’ni qariyb 805 km tezlikda harakatlanayotgan oq dumaloq sfera sifatida tasvirlagan. Biroq e’lon qilingan ma’lumotlarda sana bo‘yicha tafovut bor: hodisa kartochkasida 2025-yil ko‘rsatilgan, tavsifda esa video 2024-yilda olingani qayd etilgan.

To‘plamdan Yaqin Sharqda kuzatilgan boshqa noma’lum obyektlar, Kolorado politsiyasi materiallari va tarixiy hujjatlar ham joy olgan. Ular orasida keyinchalik Project Blue Book dasturiga rahbarlik qilgan AQSh Harbiy-havo kuchlari zobiti Edvard Ruppeltning 1952-yildagi chiqishi audioyozuvi ham mavjud.

Materiallarning birinchi to‘plami Prezident Donald Trampning NUJ va UAPga oid hukumat hujjatlarini oshkor qilish haqidagi ko‘rsatmasidan so‘ng 2026-yil 8-mayda e’lon qilingan. Pentagon yangi fayllarni bosqichma-bosqich ochishda davom etishini bildirgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing