Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” magistratura mutaxassisligi ochiladi

Texnologiya

2025-yil 22-yanvar kuni “Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun professional kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 17-sonli Prezident qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga ko'ra, 2025/2026 o‘quv yilidan har yilgi qabul parametrlari (kvotalari) doirasida quyidagi yo‘nalish va mutaxassislik joriy etiladi:

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” magistratura mutaxassisligi ochiladi
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bakalavriatning “yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishida o‘qish muddati to‘rt yilni tashkil etadigan “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yo‘nalishi;

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida o‘qish muddati bir yilni tashkil etadigan “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” magistratura mutaxassisligi.

Iste’dodli nomzodlarga quyidagi imtiyozlar taqdim etiladi:

▪️“Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yo‘nalishiga matematika, informatika, dasturlash va axborot texnologiyalari bo‘yicha nufuzli xalqaro, mintaqaviy hamda respublika olimpiadalari sovrindorlarini dastlabki tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng o‘qishga yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz qabul qilinadi;

▪️“Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” magistratura mutaxassisligiga Raqamli texnologiyalari vazirligi tomonidan belgilanadigan nufuzli xalqaro IT-sertifikatga ega nomzodlarni tanlovning mutaxassislik fanlari bo‘yicha “informatika va axborot texnologiyalari” fanidan imtihon topshirishdan ozod etiladi.

2025 yil 1 iyulgacha IIV Akademiyasi tuzilmasida mavjud shtatlar doirasida kiberhuquq, aniq fanlar, raqamli texnologiyalar va axborot xavfsizligi hamda kriminalistik ekspertizalar kafedralarini o‘z ichiga oluvchi Kiberxavfsizlik va raqamli kriminalistika fakulteti tashkil etiladi.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasining axborot-ta’lim portali orqali surishtiruvchilar, tergovchilar hamda prokuratura organlarining tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlari uchun masofaviy shaklda “Raqamli kriminalistika” yo‘nalishi bo‘yicha doimiy maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing