O‘ktam Umurzakov — ilm va fidoyilik timsoli

Maxsus loyiha

Bugun yurtimizning atoqli olimi, taniqli ustoz va yuksak martabali davlat arbobi — O‘ktam Pardaevich Umurzakovning vafotiga to'rt yil to‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim kengashi raisi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor O‘ktam Umurzakov butun umri davomida ilm-fan va ta’lim sohasiga sadoqat bilan xizmat qilgan.

O‘ktam Umurzakov — ilm va fidoyilik timsoli
1952-yil 20-avgust kuni tug‘ilgan O‘ktam Pardaevich o‘z faoliyatini aynan shu institutda boshlab, hayotining oxirigacha shu dargohda turli lavozimlarda samarali faoliyat olib bordi: kichik ilmiy xodimlikdan tortib rektorgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. U rahbarlik qilgan yillarda institut mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylandi.

O‘ktam Umurzakov ilmiy-pedagogik faoliyati davomida 120 dan ortiq ilmiy maqola va uslubiy qo‘llanmalar, 50 dan ortiq darslik va monografiyalar muallifi bo‘ldi. Uning tashabbusi bilan CONMECHYDRO xalqaro konferensiyalari tashkil etilib, yuzlab yosh olimlarga ilmiy maydonga chiqish imkoniyati yaratildi. U 20 dan ortiq fan doktori va nomzodlariga ilmiy rahbarlik qilgan, yuzlab shogirdlar tarbiyalagan. Har bir talabasiga mehr va talabchanlik bilan yondashgan ustoz ularni farzandidek asragan.

Bugun biz O‘ktam Umurzakovni chuqur hurmat va ehtirom bilan eslaymiz. U nafaqat fidoyi olim va tashkilotchi, balki kamtar, donishmand, mehribon ota sifatida qalblarimizda yashaydi. Uning nomi va ilmiy merosi hali uzoq yillar davomida yoshlarga ilhom bag‘ishlaydi.



Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing