«Ishonchga fundamental putur»: UEFA va ikki konfederatsiya Infantinoga bosimni kuchaytirdi

Sport

UEFA, Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi futbol konfederatsiyasi (CONCACAF) va Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) FIFA prezidenti Janni Infantinoning faoliyatini mustaqil tekshirishga chaqirdi. Bu FIFA tomonidan Jahon chempionatining tijoriy huquqlariga xususiy investorlarni jalb etish rejalari atrofidagi mojaro fonida yuz berdi. Konfederatsiyalar bu holatni oddiy protsessual xato emas, balki FIFA institutlariga nisbatan «ishonchga fundamental putur» yetkazgan holat deb baholadi.

«Ishonchga fundamental putur»: UEFA va ikki konfederatsiya Infantinoga bosimni kuchaytirdi
Mojaroga FIFA Forward Enterprise (FFE) loyihasi sabab bo‘ldi. Qiymati $20 milliard deb baholangan ushbu tijoriy tuzilma orqali FIFA tashqi investorlarga ozchilik ulushini sotish hisobidan $4,2 milliardgacha mablag‘ jalb etishni rejalashtirgan, bunda kompaniya ustidan nazorat FIFAda qolishi ko‘zda tutilgan edi.

Futbol tashkilotlari va milliy federatsiyalar tanqididan so‘ng FIFA ushbu loyihadan voz kechdi. Biroq UEFA avvalroq FIFA shafeligidagi musobaqalarni boykot qilishini bildirgan va loyiha bekor qilinganidan keyin ham boykotni to‘xtatish uchun qo‘yilgan shartlar bajarilmaganini ma’lum qilgan.

Qo‘shma murojaatda uch konfederatsiya tekshiruvni FIFAning o‘zi emas, mustaqil uchinchi tomon o‘tkazishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, Marokashdagi FIFA yig‘ilishining o‘tkazilish shakli tanqid qilinib, unda tashkilot rahbariyatining cheklangan tarkibi ishtirok etgani shaffoflik talablariga javob bermasligi qayd etildi.

FIFA esa asosli tanqidni qabul qilishini, biroq asossiz ayblovlarni rad etishini va noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi xabarlarga qarshi chiqishini bildirdi.

Janni Infantino 2016-yildan buyon FIFA prezidenti lavozimini egallab kelmoqda va yangi muddatga nomzodini ilgari surish niyatini bildirgan. Mojaro fonida qator milliy federatsiyalar uning qayta saylanishini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing