Li Chje Myon Ukrainadan Shimoliy Koreyalik harbiy asirlar topshirilgani oshkor qilingani uchun uzr so‘rashni talab qildi

Dunyo

Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon Ukraina ikki nafar shimoliy koreyalik harbiy asirning Janubiy Koreyaga topshirilgani haqidagi ma’lumotni oshkor qilgani uchun ochiq uzr so‘ramasa, Seul «qo‘shimcha choralar» ko‘rishini bildirdi. Kiyev esa asirlarni topshirishni maxfiy saqlash bo‘yicha kelishuv bo‘lganini inkor etmoqda.

Li Chje Myon Ukrainadan Shimoliy Koreyalik harbiy asirlar topshirilgani oshkor qilingani uchun uzr so‘rashni talab qildi
KXDRning ikki harbiy xizmatchisi 2025-yil boshida Rossiya tomonida jang qilgan vaqtida Ukraina kuchlari tomonidan asirga olingan. Keyinchalik ular Janubiy Koreyaga topshirilgan. Bu haqda Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy BMT Bosh Assambleyasidagi chiqishi chog‘ida ma’lum qilgan.

Seulning ta’kidlashicha, Ukraina topshirish haqidagi ma’lumotni maxfiylik bo‘yicha kelishuvni buzgan holda oshkor qilgan. Janubiy Koreya ma’lumotni sir saqlash zaruratini, jumladan, harbiy asirlarning qarindoshlari xavfsizligini ta’minlash bilan izohlagan. Prezident Li avval tomonlar topshirish faktini oshkor qilmaslikka kelishganini bildirgan.

Zelenskiyning bayonotidan so‘ng Janubiy Koreya Ukrainadan rasmiy tushuntirish va uzr so‘rashni talab qildi. Kiyev esa maxfiylik bo‘yicha kelishuv mavjud bo‘lganini rad etdi. Zelenskiy maslahatchisi Dmitriy Litvin bunday kelishuv bo‘lmaganini va asirlar qayerga yuborilayotganini yashirish noto‘g‘ri ekanini aytdi.

2-oktabr kuni Li Chje Myon uzr so‘rash talabi o‘z kuchida qolayotganini bildirdi. «Agar Ukraina faktni tan olishdan va ochiq uzr so‘rashdan bosh tortishda davom etsa, biz qo‘shimcha choralar ko‘ramiz», — dedi Janubiy Koreya prezidenti. U, shuningdek, Kiyev Janubiy Koreya rahbarini «yolg‘onchi» qilib ko‘rsatishga urinayotganini ta’kidladi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga vaziyatni «diplomatik tushunmovchilik» deb atab, Janubiy Koreya bilan hamkorlikni davom ettirishga umid bildirdi. Shu tariqa, tomonlar ikki nafar shimoliy koreyalik harbiy asirni topshirish bo‘yicha maxfiylik kelishuvi mavjud bo‘lgan-bo‘lmaganiga doir turlicha pozitsiyada qolmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing