Maradonaning “Xudoning qo‘li” goli urilgan to‘p auksionda $3,35 mln ga sotildi

Sport

Diego Maradona 1986-yilgi Jahon chempionati chorak finalida Angliyaga qarshi mashhur “Xudoning qo‘li” golini urgan Adidas Azteca futbol to‘pi Heritage Auctions auksionida xaridor komissiyasi bilan birga $3,355 mln ga sotildi. Yakuniy narx auksion uyi tomonidan oldindan belgilangan $10 mlnlik bahodan ancha past bo‘ldi.

Maradonaning “Xudoning qo‘li” goli urilgan to‘p auksionda $3,35 mln ga sotildi
Argentina va Angliya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 1986-yil 22-iyun kuni Mexiko shahridagi “Azteca” stadionida bo‘lib o‘tgan va Argentina 2:1 hisobida g‘alaba qozongan. Argentina terma jamoasining ikkala goliga ham Maradona mualliflik qilgan. Birinchi golni u ingliz darvozaboni Piter Shiltondan oldin to‘pga yetib, qo‘li bilan urgan. Uchrashuv hakami, tunislik Ali Bin Nasir bu qoidabuzarlikni payqamagan va golni hisobga olgan.

Uchrashuvdan so‘ng Maradona mazkur epizodni futbol tarixida mashhur bo‘lib ketgan ibora bilan izohlagan: gol “bir oz Maradonaning boshi va bir oz Xudoning qo‘li bilan” urilgan.

Oradan bir necha daqiqa o‘tib, Maradona ikkinchi golini urgan. Keyinchalik “asr goli” deb nomlangan ushbu epizodda argentinalik futbolchi o‘z maydonidan hujumni boshlab, Angliyaning bir nechta futbolchisini, jumladan Shiltonni aldab o‘tgan va to‘pni bo‘sh darvozaga yo‘llagan. Keyinchalik bu gol FIFA muxlislari tomonidan XX asr Jahon chempionatlaridagi eng yaxshi gol sifatida e’tirof etilgan.

Uchrashuvdan keyin to‘p Ali Bin Nasirda qolgan va u uni 30 yildan ortiq vaqt davomida saqlagan. To‘pning aynan shu uchrashuvda ishlatilgani mustaqil ekspertlar tomonidan fotosuratlardagi belgilar va yeyilish izlarini solishtirish orqali tasdiqlangan.

Heritage Auctions joriy auksion oldidan lot uchun boshlang‘ich narxni $2,5 mln etib belgilagan, qiymatini esa $10 mln gacha baholagan. Savdo 22-avgust kuni yakunlandi. Auksion uyining ma’lumotiga ko‘ra, $3,355 mlnlik natija futbol formasi bo‘lmagan futbolga oid kolleksiya buyumlari orasida rekord bo‘ldi.

Taqqoslash uchun, Maradona ushbu uchrashuvda kiygan futbolka 2022-yilda Sotheby’s auksionida qariyb $9,3 mln ga sotilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing