«Markaz-2026»: Rossiya olti davlat harbiy kontingentlari ishtirokida strategik mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda

Dunyo

«Markaz-2026» strategik qo‘mondonlik-shtab mashg‘ulotlari Rossiyada 28-sentabrdan 3-oktabrgacha o‘tkazilmoqda. Ularda 47 mingdan ortiq harbiy xizmatchi, 2 mingdan ziyod qurol-aslaha va harbiy texnika birligi, 90 ta havo kemasi hamda 77 ta kema va boshqa suv transporti vositasi jalb etilgan.

«Markaz-2026»: Rossiya olti davlat harbiy kontingentlari ishtirokida strategik mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda
Kreml ma’lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarda Belarus, Xitoy, Qirg‘iziston, Mongoliya, Pokiston va Tojikiston harbiy kontingentlari qatnashmoqda. Qozog‘iston va Kongo operativ guruhlar bilan ishtirok etmoqda. Umuman, tadbirlarga 41 davlat vakillari jalb qilingan bo‘lib, ulardan 33 tasi kuzatuvchi maqomida qatnashmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2-oktabr kuni Chelyabinsk viloyatidagi Chebarkul poligoniga tashrif buyurdi. U «Markaz-2026» va u bilan bog‘liq «O‘zaro hamkorlik-2026» mashg‘ulotlarining asosiy maqsadi tashqi tahdidni qaytarish sharoitida qo‘shinlarni boshqarish bo‘yicha ko‘nikmalarni takomillashtirish ekanini aytdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar 11 ta poligon va Kaspiy dengizi akvatoriyasida vazifalarni bajarmoqda.

Amaliy bosqichda Markaziy Osiyo strategik yo‘nalishidagi tajovuzni qaytarish va Kaspiy dengizi hududida harbiy xavfsizlikni ta’minlash mashq qilinmoqda. Tu-22M3 uzoq masofali bombardimonchi samolyotlari shartli dushmanning muhim obyektlariga ommaviy zarba berdi, shuningdek, Kaspiy dengizidagi shartli raqib kemalar guruhiga zarba berdi.

Mashg‘ulotlarda zamonaviy qurol-yarog‘ vositalari ham qo‘llanildi. Rossiyaning «Zarya» lazer majmuasi 6 kilometrgacha bo‘lgan masofada uchuvchisiz uchish apparatlarini yo‘q qildi. Bundan tashqari, «Izdelie 347» deb ataluvchi yangi quruqlikdagi raketa majmuasi ilk bor qo‘llanildi. T-14 «Armata» va T-90M «Proryv» tanklari «Derivatsiya-PVO» majmuasi himoyasi ostida «tank karuseli» taktikasini mashq qildi.

Chebarkul poligonidagi amaliy bosqich keng ko‘lamli mashg‘ulotlarning bir qismi bo‘ldi. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, poligonda 600 dan ortiq texnika birligi, jumladan 55 ta samolyot va vertolyot, 567 ta turli modifikatsiyadagi dron hamda 50 dan ortiq robotlashtirilgan tizim jalb etilgan.

«Markaz-2026» Rossiya Qurolli kuchlarini tayyorlash rejasi doirasida o‘tkazilmoqda. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov mashg‘ulotlar rejalashtirilganini va Rossiya chegaralaridagi vaziyat bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing