Mobiuz sotuvga qo'yildi: 300 million dollarga baholanmoqda

O'zbekiston

Bloomberg agentligining xabar berishicha, O‘zbekiston 100 foizlik ulushiga ega bo‘lgan mobil operator Mobiuz’ni sotish orqali 300 million dollar jalb qilishni ko‘zlamoqda. Bu bitim prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan keng qamrovli xususiylashtirish dasturining bir qismidir.

Mobiuz sotuvga qo'yildi: 300 million dollarga baholanmoqda
Manbalarga ko‘ra, Qatar, Saudiya Arabistoni, Ozarbayjon va Yevropa davlatlaridan bo‘lgan investorlar allaqachon qiziqish bildirgan. Bitim bo‘yicha maslahatchi sifatida xalqaro Rothschild & Co kompaniyasi jalb qilingan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Mobiuz 2024-yilda 164 million dollar daromad ko‘rsatgan, EBITDA ko‘rsatkichi esa 41 million dollarni tashkil etgan. Investorlar uchun arizalarni topshirish muddati 1-avgustgacha belgilangan.

Mobiuz’ni xususiylashtirish mamlakat hukumatining 2025-yilda kamida 10 trillion so‘m (taxminan 786 million dollar) investitsiya jalb qilish rejasi doirasida amalga oshirilmoqda. 2026-yil oxirigacha O‘zbekiston telekommunikatsiya va energetika sohalarini o‘z ichiga olgan 29 ta yirik davlat korxonasidagi ulushlarni to‘liq yoki qisman sotishni rejalashtirmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing