Moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish choralari muhokama qilindi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi.

Moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish choralari muhokama qilindi
2025-yilda jahon fintex bozori hajmi $300 mlrd.dan oshdi, 2030-yilga borib $600 mlrd.ga yetishi kutilmoqda. O‘zbekistonda ham soha tez sur’atlarda rivojlanmoqda: agar 2018-yilda atigi 24 ta fintex kompaniya faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun ularning soni 103 taga yetdi. Joriy yilda esa mahalliy loyihalar $260 mln.dan ortiq xorijiy investitsiya jalb qildi — bu o‘tgan yilga nisbatan to‘rt baravar ko‘p.

Davlat rahbari startaplarni qo‘llab-quvvatlash, open banking tizimini joriy etish, banklarda raqamli xizmatlarni kengaytirish hamda sun’iy intellekt va blokcheyn texnologiyalarini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, bu bank daromadlarini 20 foizga oshirishi, moliyaviy xizmatlar hajmini 30 foizga kengaytirishi va xatarlarni 15 foizga kamaytirishi mumkin.

Markaziy bank huzurida Fintex ofisi tashkil etilib, samaradorlik ko‘rsatkichlarini baholash bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, innovatsion xab tuzilib, startaplarni tezlashtirish va investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi. Strategiya ishlab chiqishda Singapur tajribasi o‘rganilmoqda.

Asosiy maqsad — O‘zbekistonda barqaror, raqobatbardosh va inklyuziv fintex ekotizimini shakllantirish hamda mamlakatni mintaqaviy markazga aylantirish.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing