NASAning kosmosdagi astronavtlari Yerga qaytishi yana kechiktirildi

Texnologiya

Ilon Maskga tegishli SpaceX kompaniyasi Crew Dragon pilotli kemasining Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) uchirilishiga bir soatdan kam vaqt qolganida to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Kompaniya vakillarining ma’lumotiga ko‘ra, 12-mart kuni kechasi belgilangan parvoz gidravlik tizimidagi muammo sababli bekor qilingan.

NASAning kosmosdagi astronavtlari Yerga qaytishi yana kechiktirildi
Crew Dragon kemasi ekipajida rossiyalik kosmonavt Kirill Peskov, NASA astronavtlari Enn MakKleyn va Nikol Ayers, shuningdek, Yaponiyaning JAXA agentligi astronavti Takuya Onishi bor edi. Ushbu missiya XKSdagi oldingi jamoani almashtirish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bu Crew dasturining o‘ninchi rotatsion parvozi bo‘lishi kerak edi.

XKSning Amerika segmentidagi Harmony moduliga ulanish 13-mart kuni Moskva vaqti bilan 13:00 ga belgilangan edi. Uchirish bekor qilinganda, ekipaj allaqachon kemada joylashib ulgurgan edi.

Crew-10 missiyasi doirasida NASA va SpaceX XKSda to‘qqiz oydan beri bo‘lib turgan NASA astronavtlari Butch Uilmore va Sunita Uilyamsni Yerga qaytarishni ham rejalashtirgan edi. Crew-9 ekipaji — NASA astronavtlari Nik Xeyg, Butch Uilmore va Sunita Uilyams hamda Roskosmos kosmonavti Aleksandr Gorbunov — 19-mart kuni Yerga qaytishi kutilmoqda.

Uilmore va Uilyams 2024-yil 5-iyun kuni Boeing kompaniyasining CST-100 Starliner kemasida XKSga uchirilgan edi va ular u yerda atigi sakkiz kun bo‘lishi kerak edi. Biroq, Starliner kemasining xizmat moduli dvigatelida yuzaga kelgan nosozlik va geliy sizib chiqishi sababli ularning qaytishi kechiktirilgan edi.

SpaceX endi gidravlik tizimdagi muammoni bartaraf etish ustida ishlamoqda. Agar barcha texnik masalalar hal etilsa, Crew Dragon 14-mart kuni uchirilishi mumkin. Bu muvaffaqiyatli amalga oshsa, yangi ekipaj XKSga yetib borib, ilmiy tajribalar va texnik ishlarga kirishadi, eski ekipaj esa uzoq kutilgan qaytish parvoziga tayyorgarlik ko‘radi va yerga qaytishadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing