Olti soatlik harbiy holat — umrbod qamoq

Dunyo

Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy etishga uringani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Qaror mamlakatda siyosiy inqiroz, impichment va sud jarayonlariga sabab bo‘lgan voqealar ortidan chiqarildi.

Olti soatlik harbiy holat — umrbod qamoq
Seul markaziy tuman sudi sobiq prezidentni isyonni boshqarishda aybdor deb topdi. Sud qaroriga ko‘ra, 2024 yil 3 dekabrda harbiy holat joriy etish haqidagi buyruq parlament faoliyatini falaj qilishga qaratilgan. Harbiy bo‘linmalar Milliy majlis hududini egallashi kerak edi.

Maxsus kuchlar binoni to‘sishga uringaniga qaramay, deputatlarning yarmidan ko‘pi ichkariga kirib, favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi va harbiy holatni bekor qildi. Jamoatchilik noroziligi kuchaygach, prezident harbiy holatni atigi olti soatdan so‘ng bekor qildi.

Prokuratura sobiq prezident uchun o‘lim jazosini so‘ragan, biroq mamlakatda 1997 yildan beri uning ijrosiga moratoriy amal qiladi. Natijada sud umrbod qamoq jazosi tayinladi. Ushbu ish doirasida sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon ham 30 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

2024 yil dekabrdagi voqealardan so‘ng prezidentga nisbatan tergov boshlandi va parlament unga impichment e’lon qildi. 2025 yil yanvarida u hibsga olindi. Aprel oyida Konstitutsiyaviy sud impichmentni tasdiqlab, uni rasman lavozimidan chetlatdi.

Ikki oy o‘tib o‘tkazilgan prezident saylovlarida Demokratik partiya nomzodi Li Chje Myon g‘alaba qozonib, davlat rahbari bo‘ldi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing