O‘rik gullaganda: O‘zbekiston Milan Design Week 2026 ko‘rgazmasida Orolbo‘yi kelajagi qiyofasini shakllantirmoqda

O'zbekiston

O‘zbekiston ilk bor Milan Design Week 2026 nufuzli ko‘rgazmasida 20-apreldan 26-aprelga qadar Palazzo Citterio binosida bo‘lib o‘tayotgan «O‘rik gullaganda» (When Apricots Blossom) nomli keng ko‘lamli ekspozitsiyasi bilan ishtirok etmoqda. Loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, unga WHY Architecture byurosi asoschisi, me’mor Kulapat Yantrasast kuratorlik qilmoqda.

O‘rik gullaganda: O‘zbekiston Milan Design Week 2026 ko‘rgazmasida Orolbo‘yi kelajagi qiyofasini shakllantirmoqda
Ko‘rgazmaning markaziy elementi mintaqaning ko‘chmanchi merosidan ilhomlangan «Garden Pavilion» — «dekonstruksiya qilingan o‘tov» bo‘ldi. Ushbu makon ma’ruzalar, mahorat darslari va munozaralar maydoni bo‘lib xizmat qiladi hamda madaniyat, ekologiya va dizayn mavzulari atrofida mutaxassislar va keng auditoriyani birlashtiradi.


Ekspozitsiya Orol dengizi mintaqasining transformatsiyasini — XX asrning eng yirik ekologik fojialaridan biridan tortib, uning kelajagini belgilab beruvchi zamonaviy tashabbuslar, loyihalar va hamjamiyatlargacha bo‘lgan yo‘lni kuzatib boradi. Asosiy elementlar qatorida Aral School dasturi ishtirokchilari tomonidan tanlab olingan artefaktlar hamda o‘zbek non yopish an’analaridan ilhomlangan 12 ta yangi dizaynerlik ishlari mavjud.


Ko‘rgazma nomi Hamid Olimjonning 1937-yilda yozilgan, bahor, umid va matonat ramziga aylangan she’riga ishoradir. Ushbu g‘oya turli mamlakatlardan kelgan dizaynerlar, hunarmandlar, me’morlar va tadqiqotchilarni birlashtirgan butun loyiha konsepsiyasining asosini tashkil etadi. Diqqat markazida — dizayn va hunarmandchilik iqlim o‘zgarishlaridan zarar ko‘rgan hududlarni tiklash vositasi sifatida namoyon bo‘ladi.

Qoraqalpog‘iston va O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy qismiga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, u yerda o‘n yillar davomida Orol dengizining qurishi oqibatlari tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy muhitni tubdan o‘zgartirib yubordi. Shunga qaramay, mintaqaning hunarmandchilik an’analari o‘zining amaliy va madaniy ahamiyatini saqlab qolgan holda rivojlanishda davom etmoqda.

Loyihaga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida kurator O‘zbekistonning turli hududlarida bo‘lib, mahalliy amaliyotlarni o‘rgandi va ustalar bilan muloqotda bo‘ldi. Konsepsiya markazida uchta asosiy hunarmandchilik an’anasi turibdi: non yopish, o‘tov qurish va mo‘yqalam tayyorlash. Ular insonning oziq-ovqat, uy-joy va kiyim-kechakka bo‘lgan fundamental ehtiyojlarini aks ettiradi hamda bilimlar avloddan-avlodga qanday o‘tishini namoyish etadi.


Asosiy ekspozitsiya zamonaviy dizayn yechimlari, me’moriy konsepsiyalar va eksperimental materiallarni o‘zida mujassam etgan badiiy tadqiqot sifatida qurilgan. Oskar Bokiyon boshchiligidagi WHY Architecture jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan ssenografiya Orolbo‘yining qamishli landshaftlarini eslatuvchi to‘lqinli shakllardan foydalanadi.

Installyatsiya ichida cheklangan miqdordagi ob’ektlar — yog‘och, ipak, kigiz, keramika va qamishdan tayyorlangan mualliflik non shtamplari (chekichlar) hamda patnislar taqdim etilgan. Xalqaro dizaynerlar tomonidan o‘zbek va qoraqalpoq ustalari bilan hamkorlikda yaratilgan ushbu ishlar an’anaviy shakl va naqshlarni qayta talqin qilib, ularning zamonaviy kontekstdagi dolzarbligini ko‘rsatib beradi.


Ekspozitsiyani ACDF ishtirokida rejissyor Manuel Korrea va me’mor Marina Otero Versier tomonidan yaratilgan «Where the Water Ends» filmi to‘ldiradi. Kartina Orol dengizi mintaqasining kundalik hayoti va landshaftlarini ochib berib, ko‘rgazmaning vizual va hissiy ta’sirini kuchaytiradi.

Loyihaning muhim qismi 2026-yil 11–13-sentabr kunlari Nukusda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Aral Culture Summit 2026 haqidagi e’lon bo‘ldi. Sammit madaniyatning ekologik va ijtimoiy tiklanish drayveri sifatidagi rolini muhokama qilish uchun xalqaro ekspertlarni birlashtiradi.

ACDF ning Qoraqalpog‘istondagi loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan davlat strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda va mintaqani barqaror rivojlantirish, ekotizimlarni tiklash hamda madaniy salohiyatni yuzaga chiqarishga qaratilgan.

Jamg‘arma raisi Gayane Umerovaning so‘zlariga ko‘ra, Orol dengizi bugungi kunda iqlimiy qiyinchiliklarga duch kelayotgan dunyoning boshqa mintaqalari uchun bir vaqtning o‘zida ham ogohlantirish, ham namuna bo‘lib xizmat qiladi. Bunday sharoitda dizayn va hunarmandchilik moslashuvning muhim vositalariga aylanadi, chunki ular jamiyatlarning bilimi va tajribasiga asoslangan.


Ko‘rgazma yo‘nalishi palatssoning bog‘idagi Garden Pavilion — muloqot, ta’lim va mushohada maydoni bilan yakunlanadi. Bu yerda an’anaviy buyumlar yaratish bo‘yicha mahorat darslari, ma’ruzalar va mahalliy tajriba global g‘oyalar bilan o‘zaro ta’sir qiluvchi munozaralar bo‘lib o‘tadi.

«O‘rik gullaganda» ko‘rgazmasi an’analar va innovatsiyalar sintezi orqali Orolbo‘yi kelajagi haqidagi yangi qarash qanday shakllanayotganini, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi madaniy ishtiroki qanday kuchayib borayotganini namoyish etadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing