Ozarbayjon Boku shahridagi «Formula-1» mehmonlari uchun viza tartibini soddalashtirdi

Sport

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 2026-yilda Bokuda bo‘lib o‘tadigan «Formula-1» musobaqalari munosabati bilan mamlakatga keladigan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun viza tartibini soddalashtirish to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi. Yangi tartib 2026-yil 25-avgustdan 30-sentabrgacha amal qiladi va belgilangan hujjatlardan biri mavjud bo‘lgan taqdirda vizani Ozarbayjon xalqaro aeroportlarida olish imkonini beradi.

Ozarbayjon Boku shahridagi «Formula-1» mehmonlari uchun viza tartibini soddalashtirdi
Viza olish uchun Formula One Management Limited va Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) qoidalariga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tganlikni tasdiqlovchi akkreditatsiya kartasi yoki boshqa hujjat asos bo‘lishi mumkin. Shuningdek, «Boku shahar halqasi» Operatsion kompaniyasida akkreditatsiyadan o‘tganlikni tasdiqlovchi karta ham qabul qilinadi.

Yana bir asos — 2026-yilda Bokuda o‘tkaziladigan «Formula-1» musobaqasiga chipta, jumladan elektron chipta yoki uning xarid qilinganini tasdiqlovchi hujjat. Shu tariqa belgilangan talablarga javob beradigan xorijiy tomoshabinlar vizani to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ozarbayjon xalqaro aeroportlarida rasmiylashtirishlari mumkin.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga yangi tartib haqida Formula One Management Limited, FIA, Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) hamda xorijiy davlatlarning tegishli organlarini xabardor qilish topshirildi.

Soddalashtirilgan viza tartibi haqidagi ma’lumotlar vazirlik, Ozarbayjonning xorijdagi elchixonalari va konsulliklarining internet resurslarida ham joylashtiriladi. Shuningdek, ASAN Viza tizimi orqali elektron viza olish imkoniyati haqida ma’lumot beriladi.

Ozarbayjon Davlat migratsiya xizmatiga esa mamlakatga parvozlarni amalga oshiruvchi aviakompaniyalarni yangi viza tartibidan xabardor qilish vazifasi yuklatilgan.

2026-yilgi «Formula-1» jahon chempionati taqvimiga ko‘ra, Ozarbayjon Gran-prisi 25–27-sentabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing