O‘zbekiston Afg‘onistonga qariyb 200 tonna insonparvarlik yordamini yubordi

Maxsus loyiha

Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Navro‘z bayrami va Ramazon hayiti munosabati bilan Afg‘oniston aholisiga qariyb 200 tonna oziq-ovqat mahsuloti ortilgan navbatdagi insonparvarlik yuki Balx viloyatiga yetkazildi. Yuk tarkibidan un, bug‘doy, makaron mahsulotlari, o‘simlik yog‘i va shakar kabilar o‘rin olgan. Bu haqida Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Afg‘onistonga qariyb 200 tonna insonparvarlik yordamini yubordi
Qo‘shni mamlakatga yetkazilgan zarur oziq-ovqat mahsulotlari Hayraton shahridagi “Astras” kompaniyasi hududida prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, shuningdek, Mudofaa, Transport, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi va Tashqi ishlar vazirliklari mutasaddilari hamda Balx viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Vafo hamda ikki tomon rasmiylari ishtirokida topshirildi.

Insonparvarlik yordami tarkibidan un, bug‘doy, makaron mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, shakar, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh o‘rin olgan.

Shuningdek, Mozori Sharif shahrida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazilib, kelgusidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Suhbat davomida O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonda barpo etilayotgan Imom Buxoriy maqbarasi qurilishi haqida ham alohida fikr almashildi.

Afg‘oniston rasmiylari O‘zbekiston prezidenti va xalqiga ko‘rsatayotgan yordam uchun minnatdorchilik bildirib, yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarini yo‘llashdi, deyiladi xabarda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing