O‘zbekiston Aichi-Nagoya-2026 Osiyo o‘yinlarini kuchli beshlikda yakunladi

Sport

O‘zbekiston terma jamoasi XX yozgi Aichi-Nagoya-2026 Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini 70 ta medal bilan yakunlab, umumjamoa hisobida beshinchi o‘rinni egalladi. Milliy terma jamoa hisobida 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medal bor.

O‘zbekiston Aichi-Nagoya-2026 Osiyo o‘yinlarini kuchli beshlikda yakunladi
O‘zbekistonlik sportchilar Osiyoning 45 davlatidan tashrif buyurgan qariyb 11 ming nafar atlet ishtirokidagi musobaqalarda qatnashdi. Yakuniy natija O‘zbekistonni qit’adagi eng yirik sport musobaqasining eng kuchli besh jamoasi qatoridan joy oldi.

Kurashchilar ayniqsa muvaffaqiyatli ishtirok etib, to‘rtta oltin va ikkita bronza medalni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston erkaklar boks terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Dzyudochilar va taekvondochilar esa Yaponiya terma jamoasidan keyin ikkinchi bo‘ldi.

Osiyo o‘yinlari 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari oldidan milliy terma jamoalar uchun muhim sinov bo‘ldi. Avlodlar almashinuvi jarayonida yangi sportchilar o‘zlarini namoyon qildi. Ular orasida Shoxsanam Sherzodova, O‘tkirbek Jo‘rayev, Sita Kadamboyeva, Turabek Habibullayev, Barnoхон Sayfullayeva, Sharifa Davronova, Aytjan Xalmaxanov, Jasurbek Jayсunov, Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev bor.

Beshinchi o‘rin O‘zbekistonning Osiyo o‘yinlaridagi umumjamoa hisobida ketma-ket uchinchi marotaba shu natijani qayd etganini anglatadi. Musobaqalar yakunida O‘zbekiston terma jamoasi Markaziy Osiyo mamlakatlari va Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar orasida ham eng yuqori natijani ko‘rsatdi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi sportchilar, murabbiylar, federatsiyalar mutaxassislari va delegatsiyaning muvaffaqiyatli ishtirokiga hissa qo‘shgan barcha yurtdoshlarni tabrikladi. Qo‘mita musobaqalar davomida mamlakat sharafini munosib himoya qilgan sportchilarga minnatdorlik bildirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing