O‘zbekiston Markaziy banki Samarqanddagi shaxmat Olimpiadasiga bag‘ishlangan esdalik tangalar chiqaradi

Iqtisodiyot

O‘zbekiston Markaziy banki 15–27-sentabr kunlari Samarqandda o‘tkazilayotgan 46-Jahon shaxmat Olimpiadasiga bag‘ishlab oltin va kumush esdalik tangalar chiqaradi. Ularning dizaynida shaxmat ramzlari va Samarqand me’moriy merosi uyg‘unlashtiriladi.

O‘zbekiston Markaziy banki Samarqanddagi shaxmat Olimpiadasiga bag‘ishlangan esdalik tangalar chiqaradi
Kolleksiyaning asosiy konsepsiyasi «Ikki tanga — bir Registon» deb nomlangan. Oltin va kumush tangalar yonma-yon qo‘yilganda Registon maydoni fasadining yagona tasviri hosil bo‘ladi.

Tangalar old tomonida Samarqanddagi Tillakori madrasasi me’moriy elementlari, shaxmat donalari siluetlari va geometrik naqshlar aks ettiriladi. Ular strategik fikrlash, intellektual yetakchilik va birlik ramzi sifatida talqin qilingan. Orqa tomonida FIDE logotipi joylashtiriladi.

Tangalar 999,9 probali oltin va kumushdan tayyorlanadi. Har birining og‘irligi 31,1 gramm, nominal qiymati 100 ming so‘m bo‘ladi. Dastlab 100 dona oltin va 500 dona kumush tanga chiqariladi. Kolleksionerlar qiziqishiga qarab tiraj oshirilishi mumkin.

Tangalarni alohida yoki ikki donalik kolleksion to‘plam tarkibida xarid qilish mumkin. Samarqanddagi Olimpiadada ochiq turnirda 208 ta, ayollar musobaqasida 192 ta jamoa ishtirok etmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing