Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqi

Dunyo

Muhtaram Serdar Gurbanguliyevich! Hurmatli hamkasblar! Uchrashuvimizning barcha ishtirokchilarini yana bir bor qutlashdan mamnunman. Avvalo, Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga ushbu maskanda bizni doimo samimiy kutib olayotgani uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqi
Majlisimizning faxriy mehmoni – Eron Islom Respublikasi Prezidenti, hurmatli Masʼud Pezeshkiyon janoblarini qutlayman.

Oʻzbekiston Respublikasining 2027-yilda MDHga raislik qilishi toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllab-quvvatlaganlari uchun ham barcha hamkasblarimga oʻz tashakkurimni izhor etaman.

Hamdoʻstlikda raislik qilish biz uchun, avvalo, umumiy ishimizga oʻz hissamizni qoʻshish, yangi gʻoyalarni taklif etish hamda bugungi kunda mamlakatlarimiz uchun chindan ham muhim boʻlgan yoʻnalishlarni birgalikda rivojlantirish imkoniyati demakdir.

Kelgusi yili aniq va sezilarli natija beradigan masalalarni eʼtibor markaziga qoʻyish niyatidamiz. Bular – iqtisodiyot, yangi texnologiyalar, transport, xavfsizlik, taʼlim, ilm-fan va inson salohiyatini rivojlantirishdir.

Biz Oʻzbekistonning raisligi uchun belgilangan “MDH – ishonch va umumiy taraqqiyot makoni” degan shiorda aynan ushbu yondashuvni mujassam etdik. Bugungi kunda Raislik konsepsiyasi va Tadbirlar rejasi ustidagi ishlarni yakunlamoqdamiz. Ularda hozirning oʻzida yuzdan ortiq aniq chora-tadbirlar koʻzda tutilgan.

Mazkur dastur oddiy tashabbuslar roʻyxati boʻlib qolmasligi biz uchun muhimdir. Har bir yoʻnalish boʻyicha aniq qadamlar, muddatlar va biz birgalikda erishadigan natija boʻlishi kerak.

Raisligimiz davrida aynan mana shunday amaliy ishlarga eʼtibor qaratishni xohlaymiz.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Hamdoʻstlik doirasidagi siyosiy muloqotga alohida eʼtibor qaratishimiz zarur.

Bugun dunyoda vaziyat tobora murakkablashib borayotgan bir paytda har qanday masalani xotirjam muhokama qilish, bir-birimizni tinglash hamda barchamizga maqbul boʻlgan yechimlarni izlash imkoniyatini saqlab qolish oʻta muhimdir.

Yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va anglashuv mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarning asosi boʻlib qoladi va bu poydevorni mustahkamlash lozim.

Iqtisodiyotda asosiy eʼtiborni sanoat kooperatsiyasiga qaratishni taklif etamiz. Mamlakatlarimiz salmoqli ishlab chiqarish imkoniyatlari, resurslar, texnologiyalar va bozorlarga ega. Agar ana shu salohiyatimizni birlashtirsak, qoʻshma ishlab chiqarish quvvatlarini yaratsak va barqaror yetkazib berish zanjirlarini yoʻlga qoʻysak, barcha ishtirokchilar uchun natija yanada sezilarli boʻladi.

Shuning uchun biz sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va oʻzaro investitsiyalar uchun sharoitlarni yaxshilashga alohida eʼtibor qaratamiz. Shu bilan birga, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-sotiqqa hamon xalaqit berib kelayotgan toʻsiqlarni bartaraf etish muhim ahamiyatga ega.

Hamkorlikning alohida yoʻnalishi raqamli texnologiyalar bilan bogʻliq. Biz ulardan biznesda foydalanishni kengaytirish, elektron tijoratni rivojlantirishni muhim deb hisoblaymiz.

Ushbu jarayonda faqat hozirning oʻzida ham yaxshi rivojlangan sohalar bilan cheklanib qolmaslik kerak. Oldinga qadam tashlash va yaqin yillarda mamlakatlarimiz iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirish bilan bogʻliq boʻladigan sohalarda birgalikda ishlash zarur.

Bu oʻrinda soʻz muhim minerallar, sunʼiy intellekt, robotlashtirish, yangi materiallar va zamonaviy energetika texnologiyalari sohalari haqida bormoqda. Aynan shu sohalar bugungi kunda oʻz kompetensiyalarimiz hamda qoʻshma loyihalarni yaratgan holda, ortda qolib ketmasligimiz muhim boʻlgan yoʻnalishlardir.

Raisligimizning yana bir muhim yoʻnalishi transport bilan bogʻliq.

Markaziy Osiyo bugungi kunda Sharq va Gʻarb, Shimol va Janub oʻrtasidagi muhim transport tuguniga aylanib bormoqda. Biz ushbu imkoniyatlardan toʻliq foydalanishimiz kerak. Buning uchun tranzit tartib-taomillarini soddalashtirish hamda qulay, xavfsiz va iqtisodiy jihatdan manfaatli boʻlgan yoʻnalishlarni yaratish muhimdir.

Biz Markaziy Osiyo transport tarmogʻi MDH makonida va uning tashqarisidagi umumiy aloqalar tizimining muhim qismiga aylanishidan manfaatdormiz.

Hurmatli hamkasblar!

Xavfsiz va barqaror muhitsiz na iqtisodiyot, na savdo, na yirik qoʻshma loyihalar boʻlishi mumkin emas. Shuning uchun raisligimiz davrida ayni yoʻnalish ham eng muhim sohalardan biri boʻlib qoladi.

Biz MDHning sohaviy organlari ishini va mamlakatlarimizning umumiy tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaymiz. Bu oʻrinda soʻz terrorizm, ekstremizm va kiberjinoyatchilik haqida bormoqda.

Bu tahdidlarning barchasi allaqachon alohida davlatlar chegarasidan chiqib ketgan.

Ayniqsa, bugungi kunda kiberjinoyatchilik tez kuchaymoqda. U oddiy fuqarolar, biznes vakillari, banklar, davlat tizimlariga daxl qilmoqda va shu bois, doimiy eʼtiborni hamda mamlakatlarimiz oʻrtasida yaqin hamkorlikni talab etadi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Hamdoʻstlikning kelajagi haqida gapirar ekanmiz, mamlakatlarimizni insonlar bogʻlab turishini ham yodda tutishimiz muhim. Bu insonlar oʻrtasida bir necha oʻn yillar davomida shakllangan rishtalardir. Aynan mana shu aloqalar koʻp jihatdan munosabatlarimizning barqarorligini belgilaydi.

Shuning uchun talabalar, yosh mutaxassislar, olimlar, tadqiqotchilar va ijodiy kasb egalarining oʻzaro muloqot qilishi, bir-biridan oʻrganishi hamda birgalikda ishlashi uchun koʻproq imkoniyatlarga ega boʻlishi muhim.

Bu, ayniqsa, yoshlarga taalluqli. Zero, Hamdoʻstlik kelgusida qanday boʻlishini aynan yosh avlod belgilaydi.

Mamlakatlarimiz ulkan insoniy va intellektual salohiyatga ega. Ushbu salohiyat zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, innovatsiyalar va yangi ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladigan sharoitlarni yaratishi zarur.

Butun faoliyatimiz markazida inson, uning qadr-qimmati, manfaat va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish turishi kerak. Faqat ana shundagina MDH taʼlim olish, mehnat qilish, yangi loyihalar yaratish, sheriklar topish va oʻz kelajagini qurish mumkin boʻlgan makon sifatida qabul qilinadi.

Hurmatli hamkasblar!

Biz raisligimizdan oʻz samaradorligini isbotlagan barcha yutuqlarni saqlab qolish va shu bilan birga, bugungi kunda yangi yechimlar topish zarur boʻlayotgan yoʻnalishlar rivojiga qoʻshimcha surʼat bagʻishlash uchun foydalanish niyatidamiz.

Pirovardida faqat qabul qilingan hujjatlar va kelishuvlar emas, balki kelgusida ham naf keltiradigan aniq natijalarga erishish muhimdir.

Bu ishda Hamdoʻstlikning barcha davlatlari qoʻllab-quvvatlashiga umid qilamiz.

Soʻzimning yakunida hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga mehmondoʻstlik hamda uchrashuvimizni ajoyib tarzda tashkil etgani uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing