O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatining bir kunida 18 ta medal qo‘lga kiritdi

Sport

O‘zbekiston terma jamoasi o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionatining bir kunida 18 ta medal — yettita oltin, oltita kumush va beshta bronza medalni qo‘lga kiritdi. G‘oliblar qatorida 85 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida dast ko‘tarish bahsida oltin medalni qo‘lga kiritgan va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo rekordini yangilagan Hikmatillo Haydarov ham bor.

O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatining bir kunida 18 ta medal qo‘lga kiritdi
Haydarov dast ko‘tarishdagi uchala urinishini ham muvaffaqiyatli bajardi — 153, 158 va 161 kg. So‘nggi natija unga yoshlar o‘rtasidagi Osiyo rekordini yangilash imkonini berdi. Ushbu vazn toifasida sportchi ikki kurashda kumush, siltab ko‘tarishda esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Kunning eng sermahsul sportchisi Shahnoza Haydarova bo‘ldi. U 69 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida o‘smirlar o‘rtasida dast ko‘tarish, siltab ko‘tarish va ikki kurashda oltin medalni qo‘lga kiritdi. Yoshlar bahsida esa dast ko‘tarish va ikki kurashda g‘olib bo‘lib, siltab ko‘tarishda kumush medalga ega chiqdi.

85 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida o‘smirlar o‘rtasida Otabek Karimov dast ko‘tarishda oltin medalni qo‘lga kiritdi. U siltab ko‘tarish va ikki kurashda bronza medalini oldi. Shu vazn toifasida Azizbek Qutbiddinov siltab ko‘tarish va ikki kurashda kumush, dast ko‘tarishda esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.

69 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida Nurhayot Qobilova siltab ko‘tarish va ikki kurashda kumush, dast ko‘tarishda bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Shu tariqa, O‘zbekiston vakillari bir kun davomida yettita oltin, oltita kumush va beshta bronza medalni jamg‘ardi.


Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing