O'zbekiston va Rossiya yetakchilari telefon orqali suhbatlashdilar

Siyosat

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 11-dekabr kuni bo'lib o'tgan telefon orqali muloqotda, O'zbekiston–Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qilishdi.

O'zbekiston va Rossiya yetakchilari telefon orqali suhbatlashdilar
Suhbat davomida, Rossiya Prezidentining joriy yil may oyida O'zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni yetakchilar tomonidan tasdiqlangan "yo'l xaritasi" asosida amalga oshirish masalalari atroflicha ko'rib chiqildi.

Shuningdek 10-dekabr kuni Moskva shahrida o'tgan Iqtisodiy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo qo'shma komissiyaning navbatdagi yig'ilishi va ikki tomonlama muzokaralarning natijalari yuqori baholandi.

O'zaro tovar ayirboshlash ko'rsatkichlari o'sishini ta'minlash, sanoat, energetika, transport, qishloq xo'jaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, O'zbekiston va Rossiya hududlari hamda ishbilarmon tashkilotlari darajasida faol muloqotlarni davom ettirishga qaratilgan o'zaro muvofiqlashtirilgan choralar ko'rish muhimligi ta'kidlab o’tildi.

Xalqaro kun tartibidagi masalalar hamda joriy yil dekabr oyi oxirida bo'lib o'tadigan oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko'rish nuqtai nazaridan mintaqaviy tashkilotlardagi ko'p tomonlama hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.

Shu bilan bir qatorda, innovatsiyalar, sun'iy intellekt, ta'lim va tibbiyot sohalarida hamkorlik kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Noyabr oyida Rossiyada O'zbekiston madaniyati kunlari doirasidagi tadbirlar muvaffaqiyatli o'tkazilganligi ham aytib o’tildi. Bu haqida Dunyo AA xabar bermoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing