Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

O'zbekiston

22-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar
Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston Prezidenti Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga o‘zining samimiy salomini aytdi. Turkmaniston Prezidenti, o‘z navbatida, davlatimiz rahbariga Turkman xalqining milliy yetakchisi nomidan eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Suhbat davomida Oʻzbekiston – Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror oʻsib borayotgani, energetika, transport va boshqa muhim sohalarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

“Shovot – Toshhovuz” qoʻshma savdo zonasining samarali faoliyatini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, mintaqaviy kun tartibiga oid ayrim masalalar, jumladan, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi hamda Turkmanistonda boʻlib oʻtadigan MDH sammitiga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot yakunida mamlakatimiz yetakchisi birodar Turkmaniston Prezidenti va xalqini yaqin kunlarda nishonlanadigan milliy bayram – Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing