O‘zbekiston vakili BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga saylandi

O'zbekiston

BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida 2025–2028-yillar uchun Inson huquqlari qo‘mitasi a’zolari saylovi bo‘lib o‘tdi. Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra O‘zbekistondan nomzod, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov eng ko‘p ovoz to‘plagan holda Inson huquqlari qo‘mitasi tarkibiga saylandi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston vakili BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga saylandi
“Saylovdagi ishonchli g‘alaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar samarasining keng e’tirof etilganidan dalolatdir. BMTning mazkur yetakchi organiga mamlakatimiz vakilining saylanishi, avvalo, davlatimiz rahbari tomonidan inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tuzilmalar bilan konstruktiv muloqot o‘rnatishga qaratilgan pragmatik tashqi siyosat strategiyasining natijasidir”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Birlashgan Millatlar tashkilotining Inson huquqlari qo‘mitasi ishtirokchi davlatlar tomonidan fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro Paktning bajarilishi nazorat qiluvchi xalqaro organ hisoblanadi. Qo’mitaning mustaqil ekspertlari Pakt bo'yicha majburiyatlarning bajarilishini baholaydilar, mamlakatlar hisobotlarini ko'rib chiqadilar, individual shikoyatlarni tahlil qiladilar, sharhlarni ishlab chiqadilar va jiddiy qonunbuzarliklar bo'yicha tergovlarni tashkil etadilar. Qo'mita Jeneva va Nyu-Yorkda yig'ilishlar o'tkazadi va inson huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing