O‘zbekiston Yaponiya bilan hamkorlikni mustahkamoqda

O'zbekiston

21-yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akihiko Tanaka boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va yangi tashabbuslarni amalga oshirish rejalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Yaponiya bilan hamkorlikni mustahkamoqda
Bugungi kunda O‘zbekiston va JICA o‘rtasidagi loyihalar portfeli energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini qamrab oladi. Loyihalarning umumiy qiymati 8 milliard dollardan oshadi. 2024-yilda islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va Yangi O‘zbekistonni qurishga qaratilgan uch yillik hamkorlik dasturi tasdiqlandi.

Shuningdek, 2,5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassis Yaponiya ta’lim dasturlarida qatnashgan va malaka oshirgan. Yaponiyalik ko‘ngillilar esa mamlakatda ijtimoiy va gumanitar loyihalarda faol ishtirok etmoqda.

Yaqinda Toshkentda Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Prezident Mirziyoyev JICA faoliyatini kengaytirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi va quyidagi yo‘nalishlarni ustuvor deb belgiladi:

Yaponiyalik investorlarga maxsus iqtisodiy zonalar tashkil qilish;

Yaponiya universitetini ochish;

Kasb-hunar ta’limini rivojlantirish va xususiy sektorga ko‘maklashish.

Tomonlar amaldagi va istiqboldagi loyihalarni tezroq amalga oshirish maqsadida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini anglatadi hamda iqtisodiyotni rivojlantirish va ijtimoiy sohalardagi yirik loyihalarni amalga oshirishda JICA bilan strategik sheriklikni mustahkamlaydi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing