O‘zbekiston yashil vodoroddan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradi

Iqtisodiyot

2025-yilda respublikada 3 ming tonna yashil vodorod va quvvati 52 MVt shamol trubinasi ishga tushiriladi.

O‘zbekiston yashil vodoroddan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradi
O‘zbekiston dunyoda birinchilardan bo‘lib yashil vodoroddan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradi. Bu haqda "O‘zkimyosanoati" AJ matbuot kotibi Rustambek Eshbekov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, “O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda Chirchiq shahrida “Yashil vodorodni ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Qiymati 88 mln dollarni tashkil qiladigan mazkur loyiha doirasida birinchi bosqichda 2025-yilda respublikada 3 ming tonna yashil vodorod va quvvati 52 MVt shamol trubinasi, ikkinchi bosqichda esa 500 ming tonna yashil ammiak va 2,4 GVt shamol trubinalari ishga tushiriladi.

Muqobil elektr energiya resurslaridan samarali foydalanish natijasida dunyoda birinchilardan bo‘lib yashil vodoroddan mineral o‘g‘itlarni ishlab chiqarishga va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlarni dunyo bozorlariga yo‘naltirishga erishiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing