O‘zbekistonlik Cerberus Road to TechCrunch Startup Battlefield 2026 tanlovida g‘olib bo‘ldi

Texnologiya

O‘zbekistonlik Cerberus startapi Road to TechCrunch Startup Battlefield 2026 tanlovining mintaqaviy finalida birinchi o‘rinni egallab, $50 ming mukofot va loyihani TechCrunch’ning global bosqichida taqdim etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Mintaqaviy final 12-avgust kuni bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonlik Cerberus Road to TechCrunch Startup Battlefield 2026 tanlovida g‘olib bo‘ldi
Cerberus — kiberxavfsizlik yo‘nalishida faoliyat yurituvchi C7 Cybersecurity kompaniyasining loyihasi. Cerberus Tech asoschisi va rahbari Aziz Axmedxo‘jayev korporativ IT-tizimlardagi zaifliklarni sun’iy intellekt yordamida avtomatik aniqlashga mo‘ljallangan yechimni ishlab chiqishni boshqarmoqda.

Joriy yilgi tanlovda 39 mamlakatdan 726 ta jamoa ishtirok etdi. Milliy saralashlar yakunida 22 ta startap mintaqaviy bosqichga yo‘l oldi. O‘zbekiston ushbu bosqichda Cerberus, MoliyAI, Sino AI, Deepen, Fermopolis va Oqim App loyihalari bilan ishtirok etdi.

Mintaqaviy finalning kuchli uchligidan Qozog‘istonning WeGlobal AI va Yaponiyaning LOOQ startaplari ham joy oldi. Ular mos ravishda $30 ming va $20 ming mukofotga ega bo‘ldi.

Tanlovning umumiy mukofot jamg‘armasi $100 mingni tashkil etdi. Uchta g‘olib loyiha global bosqichda ishtirok etish va o‘z ishlanmalarini TechCrunch Startup Battlefield 200 platformasida taqdim etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Keyingi bosqich TechCrunch Disrupt 2026 doirasida 13–15-oktabr kunlari San-Fransiskoda o‘tkaziladi. Mintaqaviy tanlov g‘oliblari xalqaro startap va investitsiya ekotizimiga chiqish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing