O‘zbekistonning Albaniyadagi ilk elchisi tayinlandi
Siyosat
Oʻzbekistonning Favqulodda va MuxtorElchisi Baxtiyor Ibragimov (qarorgohi Vena shahrida joylashgan) Albaniya Prezidenti Bayram Begayga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqida “Dunyo” AA xabar berdi.
Prezident qarorgohida boʻlib oʻtgan tantanali marosimdan soʻng oʻtkazilgan muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Albaniya oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy, madaniy va turizm sohalarida hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Albaniya rahbari soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va ularning natijalarini yuqori baholadi.
Har ikki tomon munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanligini tasdiqladi.
Eslatib oʻtamiz, elchi Baxtiyor Ibragimov 2023-yil noyabr oyida Avstriya Prezidenti Aleksandr Van der Bellenga ishonch yorliqlarini topshirgan edi. Shuningdek, u 2023-yilda shtab kvartirasi Vena shahrida joylashgan YEXHT, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Yadro sinovlarini keng qamrovli taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti, XAEA kabi xalqaro tashkilotlardagi mamlakatimizning rasmiy vakili sifatida ham akkreditatsiya qilingan.
Powered by Froala Editor