Prezident Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiya kuni munosabati bilan bayram tabrigi

O'zbekiston

Qadrli vatandoshlar! Avvalo, ushbu qutlug‘ ayyomda siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Hech shubhasiz, bu yilgi Konstitutsiya bayramining alohida ruhi va shukuhi borligini bugun barchamiz chuqur his etib, anglab turibmiz. Bu, birinchi navbatda, mazkur ayyomning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan tarixiy bir sharoitda o‘tayotgani bilan bog‘liq, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiya kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Ayniqsa, shu yil 27-oktabrda Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga ochiqlik va raqobat ruhida o‘tgan saylovlar yangilangan Asosiy qonunimizni hayotga tatbiq etish yo‘lida g‘oyat muhim qadam bo‘lganini yana bir bor ta’kidlash lozim.
Mehnatkash, olijanob va bag‘rikeng xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi xohish-irodasi, birligi va hamjihatligi, siyosiy madaniyati yaqqol namoyon bo‘lgan ushbu saylovlar natijalariga ko‘ra, yurtimizda konstitutsiyaviy huquq va vakolatlari kuchaygan, mas’uliyati bir necha karra ortgan yangi vakillik tizimi shakllangani albatta barchamizni mamnun etadi.

Yana bir muhim jihati – hokimlar bir paytning o‘zida mahalliy kengashlarga ham rahbarlik qilib kelgan amaliyotdan ushbu organlarga ilk bor deputatlar orasidan saylangan kengash raisi boshchilik qiladigan yangi tizimga o‘tilmoqda. 
Bundan tashqari, hokimlarning 30 dan ziyod vakolatlari mahalliy kengashlarga o‘tkazilgani ijtimoiy hayotimizda demokratiya, xalqparvarlik tamoyillari tobora keng o‘rin olayotganidan dalolat beradi.

Biz “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy prinsipga amal qilgan holda, parlament va mahalliy kengashlar vakolatlarini kengaytirish, ularning faolligini yanada oshirish, samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish, bir so‘z bilan aytganda, ularni chinakam xalq ovoziga aylantirishga qaratilgan islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing