Prezident shaxmat va parashaxmat olimpiadalari chempionlarini rag‘batlantirishni ma’lum qildi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat olimpiadalarining g‘olib va sovrindorlari, shuningdek, ularning murabbiylarini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi qarorni ma’lum qildi. Chempionlar Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov uy-joy va avtomobillar bilan taqdirlanadi.

Prezident shaxmat va parashaxmat olimpiadalari chempionlarini rag‘batlantirishni ma’lum qildi
Parashaxmatchilar Ahadxon Kimsanboyev, Marsel Shoyusupov, Sardorbek Mamarajabov, Selbi Kakishova va Sirojiddin Zayniddinovga ham uy-joy va avtomobillar beriladi. Terma jamoalar bosh murabbiylari Rustam Qosimjonov va Samandar Shermuhammadov avtomobil bilan mukofotlanadi.

Olimpiada chempioni bo‘lgan har bir shaxmatchiga $200 ming, uning murabbiyiga esa $50 ming miqdorida pul mukofoti beriladi. Bronza medalini qo‘lga kiritgan har bir parashaxmatchiga $50 ming, uning murabbiyiga esa $12,5 mingdan to‘lanadi.

«Shaxmatchi va parashaxmatchilarimiz bugunning o‘zida yangi mashinalarini haydab, yangi uylariga kirib borishadi», — dedi davlatimiz rahbari.

Avvalroq, 28 sentyabr kuni Prezident 46-Jahon shaxmat olimpiadasi va 3-Parashaxmat olimpiadasi ishtirokchilarini davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Hujjatda sportchilarning O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirishga qo‘shgan hissasi, mahorati va sportni ommalashtirishdagi xizmatlari qayd etilgan.

Farmonga muvofiq, Muhiddin Madaminovga «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni berildi. Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov va Nodirbek Yoqubboyev «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi. Javohir Sindorov «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi. Rustam Qosimjonov va Samandar Shermuhammadovga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» faxriy unvoni berildi.

Sirojiddin Zayniddinov, Selbi Kakishova, Ahadxon Kimsanboyev, Sardorbek Mamarajabov va Marsel Shoyusupov «Mardlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Uchrashuvda Prezident sportchilarning ota-onalari, ustoz va murabbiylari hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi jamoasiga minnatdorlik bildirdi.

«Bu mukofotlar faqat bugungi g‘alabangizning e’tirofi emas, balki oldingizda turgan yanada baland marralarga bildirilgan katta ishonch ramzi bo‘lsin», — dedi Mirziyoyev.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari sportchilarga yangi zafarlar tilab: «Ilohim, g‘alabalarimiz bardavom bo‘lsin! Doimo sog‘-omon bo‘linglar, aziz farzandlarim!» — dedi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing