Prezidentning TDT norasmiy sammitidagi nutqi

O'zbekiston

21 may kuni Budapeshtda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir qator strategik tashabbuslarni ilgari surib, qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni faollashtirishga chaqirdi.

Prezidentning TDT norasmiy sammitidagi nutqi
Davlat rahbari global beqarorlik sharoitida birdamlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidlab, mojarolarni, jumladan, Ukraina va G‘azodagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini bildirdi. Mirziyoyev Turkiyaning tinchlikparvar sa’y-harakatlarga qo‘shayotgan hissasini alohida qayd etib, Bokuda Turkiy davlatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzolashni taklif qildi.

"TURK-TREYD" onlayn platformasini yaratish, Yagona investitsiya portalini ishga tushirish, Toshkent shahrida Xalqaro transport-logistika forumini o‘tkazish, qo‘shma venchur kompaniyasini ta’sis etish va sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqish O‘zbekiston tashabbuslari sirasiga kiradi.

Ekologiya masalalariga alohida e’tibor qaratildi: qurg‘oqchilikning oldini olish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni yaratish, shuningdek, Budapeshtdagi Qurg‘oqchilikning oldini olish instituti ishini faollashtirish taklif qilindi. Shuningdek, Toshkentda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti ochilishi hamda Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasining O‘zbekistondagi kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi.

Ma’naviy va madaniy birlikka alohida e’tibor qaratildi. Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjarga topshirildi. Mirziyoyevning fikricha, bunday tadbirlar Turkiy dunyo yoshlarini yangi yutuqlarga ilhomlantiradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing