Saida Mirziyoyeva Turkmaniston va Ozarbayjon vakillari bilan hamkorlikni muhokama qildi

Dunyo

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Ashxobodda Gurbanguli Berdimuhamedov nomidagi Vasiylikka muhtoj bolalarga yordam berish xayriya jamg‘armasi vitse-prezidenti Oguljahon Atabayeva hamda Haydar Aliyev jamg‘armasi vitse-prezidenti Leyla Aliyeva bilan uchrashdi. Tomonlar hamkorlik istiqbollari va qo‘shma tashabbuslarni muhokama qildi.

Saida Mirziyoyeva Turkmaniston va Ozarbayjon vakillari bilan hamkorlikni muhokama qildi
Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, Turkmaniston va Ozarbayjon vakillari bilan uchrashuvlar yaxshi an’anaga aylangan va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

“Har safar umumiy g‘oyalarimiz va birgalikda ishlash imkoniyatlarimiz yanada kengaymoqda”, — deb yozdi u.

Mirziyoyeva O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjonni uzoq yillik do‘stlik, o‘zaro ishonch va umumiy qadriyatlar bog‘lab turishini ta’kidladi. U uchrashuvlar kelgusida odamlarga foyda keltiradigan va mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlaydigan ezgu ishlarga aylanishiga umid bildirdi.

Tashrif doirasida Saida Mirziyoyeva Ashxobodda ochilgan “MAMA. Ona tabiat” xalqaro ko‘rgazmasiga ham tashrif buyurdi. Ko‘rgazma ikki xayriya jamg‘armasi vakillari ishtirokida ochildi.

Ekspozitsiya atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish g‘oyasiga bag‘ishlangan. Mirziyoyevaning fikricha, ijodkorlar san’at orqali tabiat ham onalarimiz kabi mehr, g‘amxo‘rlik va hurmatga loyiq ekanini ifodalagan. U bu qadriyatlarni bolalarga singdirish muhimligini ta’kidladi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Gurban­guli Berdimuhamedov nomidagi xayriya jamg‘armasi va Haydar Aliyev jamg‘armasini ko‘rgazma ochilgani bilan tabriklab, san’at va ekologiya mavzusini birlashtirgan tashabbus uchun tashkilotchilarga minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuv va ko‘rgazma O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni rivojlantirish hamda tajriba almashishga qaratilgan Ashxobod tashrifi dasturining bir qismi bo‘ldi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing