Samarqand forumi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro ekspertlarni jamlaydi

O'zbekiston

V Samarqand inson huquqlari forumi 28–29 sentyabr kunlari Toshkent va Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Unda turli mamlakatlardan xalqaro tashkilotlar, inson huquqlari institutlari, davlat organlari, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etadi.

Samarqand forumi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro ekspertlarni jamlaydi
Forumning asosiy mavzusi «Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarga 60 yil va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaga 40 yil: qadr-qimmat, tenglik va barqaror rivojlanish yo‘lida global sheriklik» deb nomlangan.

Mavzu ikki muhim xalqaro sana bilan bog‘liq. 2026 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qabul qilinganiga 60 yil to‘ladi. Shuningdek, 1986 yilda qabul qilingan BMTning Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyasining 40 yilligi nishonlanadi.

Samarqand forumi beshinchi bor o‘tkazilmoqda. Uning konsepsiyasi «Samarqand ruhi» bilan bog‘liq bo‘lib, xalqaro muloqotda masalalarni ochiq muhokama qilish, umumiy yechimlarni izlash va teng huquqli hamkorlikni nazarda tutadi.

Bu yilgi forum «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi bo‘yicha davlat dasturini amalga oshirish doirasida o‘tkaziladi. Tadbir O‘zbekiston uchun inson huquqlari, rivojlanish va xalqaro hamkorlik masalalarini turli davlatlar va tashkilotlar vakillari ishtirokida muhokama qilish imkonini beradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing