Senat O‘zbekistonning 28 harfdan iborat yangi alifboga o‘tishini ma’qulladi

O'zbekiston

Oliy Majlis Senati 10-sentabr kuni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining yangi tahriri to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Amaldagi 26 harf va uch harf birikmasidan iborat tizimni 28 harf va apostrofdan iborat alifboga almashtirish taklif etilmoqda.

Senat O‘zbekistonning 28 harfdan iborat yangi alifboga o‘tishini ma’qulladi
Qonun loyihasi iyul oyining boshida Qonunchilik palatasi tomonidan uch o‘qishda qabul qilingan. Hujjat 1993-yildagi «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.

Qonun kuchga kirgunga qadar avval berilgan hujjatlar, qimmatli qog‘ozlar va milliy valyuta yuridik kuchini saqlab qoladi. Davlat organlarining ayrim ramziy belgilari, peshlavhalar va ko‘rsatkichlardan ham belgilangan muddatgacha yoki yaroqsiz holga kelguniga qadar foydalanish mumkin bo‘ladi.

Senatorlarning ta’kidlashicha, islohot lotin alifbosi va imlo qoidalarini takomillashtirish, shuningdek, davlat tilini raqamlashtirishni rivojlantirishga xizmat qiladi. Qonunchilik palatasi yangi normalarni bosqichma-bosqich joriy etishni taklif qilgan. Bu hujjatlar, blankalar va peshlavhalarni bir vaqtning o‘zida almashtirish hamda budjet uchun qo‘shimcha xarajatlarning oldini olish imkonini beradi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov o‘, g‘, ch va sh harflari bilan bog‘liq muammolarni qayd etgan. Xususan, o‘ va g‘ xalqaro Unicode standartida alohida kodga ega emasligi qidiruv tizimlari, avtomatik tarjima va elektron lug‘atlar uchun texnik qiyinchiliklar tug‘diradi. Uning ta’kidlashicha, ch va sh digraflari ayrim so‘zlarda o‘qish va yozishni ham murakkablashtiradi.

Yechim sifatida g‘, o‘, sh va ch o‘rniga ğ, ö, ş va ç belgilaridan foydalanish taklif etilmoqda. Abduhalimovning ta’kidlashicha, ushbu belgilar dunyo bo‘yicha qariyb 300 million kishi tomonidan qo‘llanadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing