Shahnoza Mirziyoyeva yana bir marrani zabt etdi

O'zbekiston

Kuni kecha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva hayotidagi muhim voqealardan biri bilan bo'lishdi. U Instagram sahifasida yana bir magistratura bosqichini tamomlagani haqida o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.

Shahnoza Mirziyoyeva yana bir marrani zabt etdi
"Bugun — hayotimdagi bosqichlardan birining yakunlangan kunidir! Men yana bir bor magistrga ega bo'ldim! His-tuyg'ularim birinchi marta olgandagidek yorqin va hayajonli. Ko'p yillik mehnat ortda qoldi, endilikda esa oldinda yangi imkoniyatlar kutib turibdi", — deb yozdi Shahnoza Mirziyoyeva.

U o'zining ilm yo'lidagi muvaffaqiyatiga erishishida doimiy dalda bergan oilasi, ustozlari, hamkasblari va do'stlariga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, ta'limning O'zbekiston Prezidenti tomonidan ustuvor yo'nalish sifatida rivojlantirilayotganini ta'kidlab, ushbu jarayonning bir qismi ekanidan faxrlanishini ifoda etdi.

"Bugungi kun qalbimni faxr va quvonch bilan to'ldirib bormoqda, chunki ta'lim — O'zbekiston Prezidenti boshqaruvida rivojlanayotgan eng muhim sohalardan biri hisoblanadi. Men esa bu jarayonning tarixiy qismiga aylanganimdan mamnunman", — deb yozadi Shahnoza Mirziyoyeva.

Mirziyoyeva so'z yakunida barcha magistratura bitiruvchilarini samimiy tabriklab, ularga kelajakdagi faoliyatlarida omad tiladi.

Shahnoza Mirziyoyeva magistratura bosqichini aynan O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliygohlardan biri bo'lgan, A.I.Gersen nomidagi Rossiya Davlat pedagogika universitetining Toshkentdagi filialida tamomlagani ham mamlakatdagi ta'limga bo'lgan e'tibor va uning nechog'li samarali ekanligini yana bir bor ko'rsatib berdi.

Ma'lumot o'rnida, Shahnoza Mirziyoyeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorning birinchi o'rinbosari hamda Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing