Shavkat Mirziyoyev «Amirsoy»da Japarov bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi

O'zbekiston

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi "Amirsoy" kurort majmuasida Qirg‘iziston prezidenti bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi.

Shavkat Mirziyoyev «Amirsoy»da Japarov bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi
Yetakchilar ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashdilar.

Qirg‘iziston prezidenti tog‘-chang‘i majmuasida yaratilgan sharoitlar va uning jahonning yuksak standartlariga mos zamonaviy infratuzilmasini yuqori baholadi.

Ikki mamlakatlarning noyob geolandshafti va xilma-xil tabiatini hisobga olgan holda kurort-rekreatsiya markazlarini tashkil etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni ilgari surishga kelishib olindi.

Sadir Japarov Facebook’dagi sahifasida «Amirsoy» chang‘i kurorti haqidagi taassurotlari bilan bo‘lishdi.

«Davlatimiz hududining 94 foizini tog‘lar egallaydi. Yettita hududimizning har birida shunday kurortlar bo‘lishi mumkin edi. Lekin bizda ular deyarli yo‘q. Nima uchun? Chunki mustaqillikni qo‘lga kiritganimizdan buyon, oddiy odamlardan tortib prezidentlargacha biz faqat siyosat bilan shug‘ullandik. Har kuni mitinglar o‘tkazdik, har kuni to‘ylar bo‘ldi. Iqtisodiyot, turizm va boshqa muhim sohalarga e’tibor bermadik», – degan Qirg‘iziston prezidenti.

«Amirsoy» tog‘-chang‘i bazasiga qarab, lol qoldim. Hamkasbim Shavkat Mirziyoyev bu bazani noldan yuqori darajada qurib chiqibdi. Gap yo‘q. Barakalla. Qanchadan qancha odamlar ish bilan ta’minlangan. Millionlab turistlar bu yerga dam olish uchun kelishmoqda. Servis darajasi Yevropanikidan qolishmaydi. Hammasi yuqori darajada», – deya yozadi Sadir Japarov

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing