Shavkat Mirziyoyev: Bugungi kundagi eng katta maqsadimiz - ko‘proq ish o‘rinlari yaratish

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni Toshkent shahridagi Quyuv-mexanika zavodiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev: Bugungi kundagi eng katta maqsadimiz - ko‘proq ish o‘rinlari yaratish
Bugun majmua yiliga 1 ming 200 ta yuk vagoni ishlab chiqarish va 1 ming 500 tasini ta’mirlash quvvatiga ega barqaror korxona. Vagonlar tarkibi ham talabgir. Jumladan, yarim ochiq, usti yopiq, uzun bazali hamda don, sement, meneral o‘g‘it tashishga mo‘ljallangan 6 turdagi yuk vagonlari ishlab chiqarilmoqda.

Metall quyish og‘ir sanoatning eng muhim tarmog‘i, ta’bir joiz bo‘lsa, "yuragi" hisoblanadi. Bu yerda 120 million dollar hisobiga quyuv sexi barpo etilgan. U yiliga 26 ming tonna mahsulotlar tayyorlashga mo‘ljallangan. Bu yerda temir yo‘llar ekspluatatsiyasi va harakat tarkibida ishlatiladigan barcha turdagi ehtiyot qismlar quyiladi.

«Bugungi kundagi eng katta maqsadimiz - ko‘proq ish o‘rinlari yaratish. Masalan, bu yil mamlakatimizda 100 mingta uy qurmoqchimiz. Ular qachon odamlarga ma’qul bo‘ladi? Yonida ish o‘rni bilan bo‘lsa. Shuning uchun, xuddi tomorqalarda bo‘layotganidek, ko‘p qavatli uylar bo‘yicha ham mahallalarda iqtisodiy loyihalar qilinadi. Qaysi xonadonda ishsiz bo‘lsa, bandligiga ko‘maklashiladi. Bunda mana shunday zavodlar muhim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois majmuada shaharsozlik, kommunal va boshqa tarmoqlar uchun ham mahsulotlar ishlab chiqarish, bu imkoniyatlar bilan tadbirkorlarni tanishtirib, buyurtmalarni ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi. Bu, o‘z navbatida, turdosh tarmoqlarda ham ish o‘rinlari ochilishiga turtki beradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing