Shavkat Mirziyoyev: Eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi

O'zbekiston

31-avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni. Shu munosabat bilan Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar yig‘ildi.

Shavkat Mirziyoyev: Eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi
Ajdodlar haqiga Qur’on tilovat qilindi. Elga osh tortildi.

Bu marosim Mustaqillik bayrami bilan hamohang o‘tishi, millat oydinlari yodga olinishidan ko‘ngil entikadi. Bu Vatanga fidoyilik yillar o‘tsa-da qadrlanishi, hech bir ezgu ish izsiz ketmasligini anglatadi.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlarni shu ruhda tarbiyalash haqida muloqot bo‘ldi.

– Mustaqillik bayrami arafasida, bugungi tinchlik, erkinlik sharoitida qahramon bobolarimizning pok nomlarini eslash, tabarruk xotiralariga ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham qarz, ham farz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shu bois dunyodan o‘tgan vatandoshlarimizning ham qadrini tiklayapmiz. “Inson – aziz, xotira – muqaddas” degan ezgu shior hayotimizdan mustahkam joy olayapti. Tabarruk yodgorlik majmualari bunyod etayapmiz. Ma’rifatparvar bobolarimiz haqida badiiy va ilmiy asarlar, kinofilmlar yaratilmoqda. “Xotira” kitoblari tayyorlanmoqda. Xalqaro konferensiyalar o‘tkazilmoqda. Mana, so‘nggi uch yil ichida 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatag‘on qurbonlarining nomini oqladik. Bu nimani anglatadi? Bu – adolat sinmasligini, haqiqat baribir tantana qilishini anglatadi.

O‘tgan yilgi marosimda davlatimiz rahbari joylardagi qatag‘on qurbonlarini aniqlash, bu borada tadqiqotlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Shu asosida joriy yil 19-iyul kuni “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, bu ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilib, Mudofaa vazirligi boshchiligida bir qator mutasaddi tashkilotlar biriktirildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing