Togʻ-kon sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif doirasida togʻ-kon sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Togʻ-kon sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, robototexnika, energetika, elektrotexnika, kimyo va mudofaa sanoati kabi strategik tarmoqlarni jadal rivojlantirish koʻp jihatdan mis, uran, litiy, volfram va boshqa muhim metallar bazasiga tayanadi. Dunyo bozorlarida mazkur resurslarga talab oshib borayotgani, jumladan, mis konsentrati bozorida taqchillik kuchayib, narxlar oʻsishi kutilayotgani togʻ-kon va metallurgiya sohasidagi loyihalarni tezlashtirishni yanada dolzarb qilib qoʻymoqda.

Shu munosabat bilan 2030-yilga qadar Oʻzbekistonda oltin ishlab chiqarishni 175 tonnaga, kumushni 500 tonnaga, uranni 15 ming tonnaga, misni 500 ming tonnaga yetkazish boʻyicha belgilangan marralarga erishish uchun barcha imkoniyatlarni toʻliq safarbar etish zarurligi qayd etildi.

Bu borada har bir yirik loyihani aniq grafik asosida amalga oshirish, moliyalashtirish, qurilish, logistika, texnologik jihozlash va kadrlar bilan taʼminlash masalalarini oʻzaro uygʻunlikda hal qilish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda, avvalo, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan strategik loyihalarning borishi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Xususan, 3-mis boyitish fabrikasining keyingi navbatlarini jadallashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, mazkur loyihaning texnologik davomi hisoblangan yangi mis eritish zavodini barpo etish masalalari ham koʻrib chiqildi. Unda texnik-iqtisodiy asosni yakunlash, xorijiy ekspertlarni jalb qilish, qisqa muddatlarda qurilish ishlarini boshlash yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Olmaliq kombinatining istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, 4-mis boyitish fabrikasi boʻyicha texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish uchun nufuzli xalqaro kompaniyalarni jalb etish vazifasi alohida koʻrsatib oʻtildi. Ushbu hujjatda suv taʼminoti, temir yoʻl, energetika infratuzilmasi, ekologik talablar va yuqori samarali texnologiyalarni kompleks qamrab olish lozimligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda joriy yil uchun tarmoqda 90 ta loyiha doirasida 2 milliard 200 million dollar investitsiya jalb qilish, 172,5 ming tonna mis, 120 tonna oltin, 210,5 tonna kumush va 8 ming tonna uran ishlab chiqarish vazifalari belgilangani qayd etildi.

Shu bilan birga, bir qator istiqbolli konlar va obyektlar boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslarni tez fursatda yakunlash, ekspertiza jarayonlarini soddalashtirish boʻyicha qabul qilingan yangi qaror imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi. Hukumatga ushbu loyihalar doirasidagi tashkiliy va huquqiy masalalarni qisqa muddatda hal qilish topshirildi.

Energetika resurslariga boʻlgan talab ortib borayotgan sharoitda koʻmir qazib chiqarish va uni qayta ishlash loyihalarini jadallashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Aholi va sanoat korxonalariga koʻmir yetkazib berish hajmini oshirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyati doirasida “Muruntov” konini kengaytirishning navbatdagi bosqichi, yangi konlarni oʻzlashtirish, murakkab rudalardan oltin ajratib olish texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, ayrim yirik loyihalar boʻyicha investorlar bilan hamkorlik mexanizmlarini qayta koʻrib chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Metallurgiya yoʻnalishida “Oʻzmetkombinat”da ishlab chiqarish hajmini oshirish, ichki xomashyo bazasidan samarali foydalanish, raqobatbardosh mahsulot turlarini koʻpaytirish, bozor talabiga mos metall listlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi. Bu borada xomashyo taʼminoti, mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish va yangi bozorlarni oʻzlashtirish boʻyicha aniq choralar belgilandi.

Yigʻilishda Texnologik metallar kombinati faoliyatiga ham toʻxtalinib, sanoat uchun muhim metallar va murakkab qotishmalar ishlab chiqarishni kengaytirish, selen, tellur, kukun metallurgiyasi detallari va boshqa yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni jadallashtirish vazifasi qoʻyildi.

Tarmoq korxonalarida tannarxni pasaytirish va xarajatlarni qisqartirish masalalari ham diqqat markazida boʻldi. Mutasaddilarga bir birlik mahsulot tannarxini qisqartirish, energiya sarfini kamaytirish, resurslardan tejamkor foydalanish va oyma-oy aniq natijalarga erishish boʻyicha manzilli dasturlar ishlab chiqish topshirildi.

Davlat xaridlari va kooperatsiya sohasida mahalliy komponentni kengaytirishga alohida urgʻu berildi. Shu bois, mutasaddilarga loyihalar va xaridlarda mahalliy komponent ulushini joriy yilda 2 milliard dollardan oshirish boʻyicha aniq koʻrsatkichlar belgilab berildi.

Shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini kuchaytirish, qoʻshimcha zaxiralarni aniqlash, yangi kon va investitsiya bloklarini investorlarga taklif qilish, uglevodorodga istiqbolli maydonlarni iqtisodiyotga jalb etish boʻyicha rejalar muhokama qilindi. Bu yoʻnalishda joriy yilda oltin, kumush, mis, uran va rux zaxiralarini sezilarli oshirish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda sohada amalga oshirilayotgan 22 milliard dollarlik loyihalar doirasida 38 mingta yangi ish oʻrni yaratilishi, jumladan, 7,5 ming muhandis va 14 ming oʻrta boʻgʻin mutaxassislariga ehtiyoj paydo boʻlishi qayd etildi. Shu munosabat bilan sohadagi oliy taʼlim muassasalari va texnikumlar faoliyatini yangi talablar asosida tashkil etish, taʼlim dasturlarini zamonaviy texnologiyalarga moslashtirish, dual taʼlimni keng joriy etish, diplom ishlarini bevosita ishlab chiqarish vazifalari bilan bogʻlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Bundan tashqari, oliygohlardagi ilmiy tadqiqotlarni kombinatlardagi amaliy texnologik yechimlarga yoʻnaltirish, ilmiy ishlar natijalarini ishlab chiqarishga tatbiq etish, talabalar uchun oʻquv-mashgʻulot poligonlarini tashkil qilish, sanoat korxonalarida sexlarni amaliyot va tadqiqotlar uchun moslashtirish vazifalari belgilandi.

Yangi loyihalar doirasidagi dolzarb ilmiy mavzular roʻyxatini ochiq eʼlon qilish tizimini yoʻlga qoʻyish topshirildi. Bu tadqiqotlarda sohadagi 5 ta oliygoh bilan bir qatorda texnika yo‘nalishidagi barcha davlat, xususiy oliygoh va ilmiy tashkilotlar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Yigʻilish yakunida togʻ-kon, metallurgiya, kimyo va neft-gaz kabi bazaviy tarmoqlarda yirik loyihalar ijrosini tizimli nazorat qilish maqsadida Prezident rahbarligida Sanoat kengashi tuzilishi maʼlum qilindi. Ushbu kengash doirasida yirik korxonalarni xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilish, tannarx va energiya sarfini kamaytirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, mahalliy kontentni oshirish, barcha jarayonlarni raqamlashtirish, sunʼiy intellektni joriy etish, investitsiya va eksportni koʻpaytirish boʻyicha oylik ish rejalari tasdiqlanadi.

Mutasaddi rahbarlarga ushbu rejalar ijrosini har oy joylarga chiqqan holda korxonabay tanqidiy muhokama qilish, mavjud masalalarni tezkor hal etish va har chorak yakunlari boʻyicha hisobot kiritib borish topshirildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing