Toshkent dunyoning eng tez rivojlanayotgan shaharlari qatoridan joy oldi

O'zbekiston

Toshkent xalqaro shahar rivoji tadqiqotlarida o‘z pozitsiyasini sezilarli yaxshiladi. Global Cities Index 2026 reytingida poytaxt 128 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyoning 1 000 ta eng yirik shahri orasida 343-o‘rinni egalladi. Iqtisodiyot toifasida esa 558-o‘rindan 188-o‘ringa chiqdi.

Toshkent dunyoning eng tez rivojlanayotgan shaharlari qatoridan joy oldi
Inson kapitali ko‘rsatkichi bo‘yicha ham ijobiy dinamika qayd etildi. Toshkent 2024-yildagi 136-o‘rindan 2025-yilda 123-o‘ringa, 2026-yilda esa 108-o‘ringa ko‘tarildi. Ushbu ko‘rsatkich aholining bilim, ko‘nikma va kasbiy salohiyatini aks ettiradi.

Boston Consulting Group tadqiqoti ham poytaxtdagi o‘zgarishlar sur’atini qayd etdi. 2026-yil 21-mayda e’lon qilingan Built to Change: How Cities Compete for the Future tadqiqotida Toshkent 80 ta shahar orasida o‘zgarishlar sur’ati bo‘yicha Shenchjen va Ar-Riyoddan keyin uchinchi o‘rinni egalladi. Iqtisodiy faollikdagi o‘zgarishlar sur’ati bo‘yicha esa Toshkent birinchi bo‘ldi.

BCG 200 dan ortiq ko‘rsatkichni tahlil qilib, iqtisodiy imkoniyatlar, shahar muhiti, ijtimoiy kapital va hokimiyat organlari bilan hamkorlikni baholagan. Tadqiqotda 24 ming nafar shahar aholisi o‘rtasidagi so‘rov natijalari ham hisobga olingan.

Toshkent shahar hokimiyati natijalarni aholi, biznes, shahar va tuman jamoalarining hissasi hamda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bilan bog‘lamoqda. Tahlilchilar Toshkentni rivojlanishini kuzatish tavsiya etiladigan Cities to Watch ro‘yxatiga ham kiritgan.

Hokimlik xalqaro reytinglar avvalo shahar aholisi kundalik hayotidagi o‘zgarishlar bilan ahamiyatli ekanini ta’kidlamoqda. Keyingi vazifalar qatorida shahar muhitini, havo sifatini va tumanlar qulayligini yaxshilash, ta’lim, ish va tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirish bor.

«Biz birgalikda erishgan natijalarimiz bilan faxrlanamiz. Va bundan keyin kim uchun ishlashimiz kerakligini bilamiz — Toshkent aholisi uchun», — deyiladi hokimlik bayonotida.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing