Toshkentda qilichbozlik bo‘yicha 6-Xalqaro kongress boshlandi

Sport

Toshkentda 100 dan ortiq mamlakatdan 150 nafardan ziyod delegat ishtirokidagi qilichbozlik bo‘yicha 6-Xalqaro kongress o‘z ishini boshladi. Unda sport turining rivojlanishi, xalqaro musobaqalarni takomillashtirish va yangi avlod sportchilarini tayyorlash masalalari muhokama qilinmoqda.

Toshkentda qilichbozlik bo‘yicha 6-Xalqaro kongress boshlandi
Kongressning ochilish marosimida Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE), O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbarlari, shuningdek, FIEning mintaqaviy konfederatsiyalari rahbarlari va rasmiy vakillari qatnashdi.

Tadbir kun tartibidan jahon qilichbozligining bugungi holati va uning kelgusidagi rivojlanish istiqbollari o‘rin olgan. Delegatlar musobaqalarni tashkil etish va o‘tkazish shartlarini takomillashtirish, hakamlik, murabbiylar tayyorlash, yoshlar o‘rtasida qilichbozlikni ommalashtirish hamda xalqaro sport hamkorligini kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqmoqda.

Kongress doirasida kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga tayyorgarlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu musobaqani kelasi yili Toshkentda o‘tkazish rejalashtirilgan. Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent 2027-yilda kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.

Kongress arafasida, 15-sentabr kuni Toshkentda FIE Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Unda qilichbozlikni boshqarish va kelgusida rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Kongress yakunlari bo‘yicha ilgari surilgan taklif va tashabbuslar qilichbozlikni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing