Toshkentda xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari ochiladi

O'zbekiston

Toshkent shahrida shahar hokimi o‘rinbosari Shahnoza Sultonova va Yakkasaroy tumani hokimi o‘rinbosari Dilfuza Rasulmuhamedovaning "BEAU UNIVERSE" kompaniyasi rahbari, tadbirkor Sevara Abduvahobova bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Toshkentda xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari ochiladi
2020-yildan buyon faoliyat yuritayotgan kosmetologiya kompaniyasi bugungi kunda 80 dan ortiq xodim va 60 nafar yuqori malakali mutaxassisni doimiy ish bilan ta’minlab, teri va yuz salomatligi sohasida tibbiy-kosmetologik xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Sevara Abduvahobova ta’kidlaganidek, davlat tomonidan, ayniqsa, Prezident tashabbusi bilan xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan ko‘mak biznesni muvaffaqiyatli kengaytirish imkonini berdi.

Suhbat chog‘ida tadbirkor korxonani yanada rivojlantirish, 50 ga yaqin yangi ishchilarni jalb qilish, tanlov asosida ishsiz qolgan Yakkasaroy tumanidagi aholisini ish bilan ta’minlash niyatida ekanligini ma’lum qildi.

Shahnoza Sultonovaning ta’kidlashicha, "qulay shart-sharoitlar, imtiyozlar va resurslardan foydalanish imkoniyatlarining yaratilishi tadbirkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochadi." Bunday uchrashuvlar xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing