Tramp: AQSh dunyoning kriptovalyuta poytaxtiga aylanadi

Dunyo

Tramp AQShda Bitcoin zaxirasini yaratish to‘g‘risida farmon imzoladi. Oq uy AQShda “raqamli Fort-Noks” — davlat Bitcoin va boshqa kriptovalyutalar zaxirasi yaratilishini e’lon qildi. AQShda strategik Bitcoin zaxirasi va boshqa raqamli aktivlar fondi yaratiladi. Prezident Donald Tramp 6-mart, payshanba kuni ushbu farmonni imzoladi.

Tramp: AQSh dunyoning kriptovalyuta poytaxtiga aylanadi
Oq uyning kriptovalyutalar bo‘yicha maxsus vakili, milliarder Devid Sacksning so‘zlariga ko‘ra, AQSh hukumati kriptovalyuta zaxirasini mamlakatdagi jinoiy tergovlar natijasida musodara qilingan kriptovalyutalar hisobidan shakllantiradi. Shu sababli, hukumat zaxirani to‘ldirish uchun kriptovalyuta sotib olmaydi, bu esa loyiha soliq to‘lovchilarga “bir tiyin ham tushmasligini” anglatadi. Sacksning bahosiga ko‘ra, Vashington hozirda taxminan 200 ming Bitcoin zaxirasiga ega.

Ushbu zaxira “o‘ziga xos raqamli Fort-Noks” bo‘ladi, deb ta’kidladi Sacks. U bu bilan AQShning Kentukki shtatidagi oltin zaxirasi saqlanadigan Fort-Noks omborini nazarda tutgan. Sacksning so‘zlariga ko‘ra, AQSh ushbu zaxirada saqlanadigan Bitcoinlarni sotmaydi, balki ularni jamg‘arma vositasi sifatida saqlaydi.

Mazkur bayonotdan so‘ng Bitcoin kursi 5,7 foizga pasaydi. Bozor AQSh ma’muriyatining dastlabki bosqichda davlat zaxiralari uchun kriptovalyutalarni faol sotib olishdan tiyilish qaroriga shu tariqa javob berdi.

Tramp AQShda davlat kriptovalyuta zaxirasini yaratish rejasi haqida bir necha kun oldin e’lon qilgan edi. “AQShning kriptozaxirasi ushbu hayotiy muhim sohani Bayden ma’muriyatining korrupsion hujumlaridan so‘ng tiklaydi. Shuning uchun men raqamli aktivlar bo‘yicha farmonim bilan prezident ishchi guruhiga strategik kriptozaxira yo‘nalishida harakat qilishni buyurdim. Men AQShni dunyoning kriptovalyuta poytaxtiga aylantiraman.”- dedi Tramp.

Tramp AQSh kriptozaxirasiga kiritiladigan uchta kriptovalyutani sanab o‘tdi: Ripple platformasining XRP, Solana tarmog‘ining SOL tokeni va Cardano platformasining ADA. Ushbu uchala kriptovalyuta narxi darhol 10-35% ga oshdi.

Yanvar oyida, inauguratsiyasiga bir necha kun qolganda, Tramp o‘zining "$Trump" nomli kriptovalyutasini yaratishini e’lon qilgan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing