Tramp chet elliklarga $5 millionga yashash va ishlash huquqini beruvchi “oltin karta”ni sotmoqchi

Dunyo

Bugun 26-fevral kuni, AQSh Prezidenti Donald Tramp, AQSh boy chet elliklarga $5 million evaziga yashash va ishlash huquqini taqdim etuvchi va fuqarolik olish yo‘lini ochuvchi "oltin karta" sotishni boshlashini e’lon qildi.

Tramp chet elliklarga $5 millionga yashash va ishlash huquqini beruvchi “oltin karta”ni sotmoqchi
“Oltin karta sotamiz,” dedi Tramp Oq uyda. “Sizda yashil karta bor. Bu esa oltin karta. Biz ushbu kartaga taxminan $5 million narx belgilaymiz va u yashil kartaga o‘xshash imtiyozlarni beradi, shuningdek, fuqarolikka yo‘l ochadi. Boy odamlar ushbu kartani sotib olib, mamlakatimizga kelishadi”, deydi u.

Savdo vaziri Govard Latnik ushbu karta AQSh hukumatining ilgari amalda bo‘lgan EB-5 investor vizasi dasturini almashtirishini ta’kidladi.

“Ular, albatta, tekshiruv jarayonidan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Shunda ular haqiqatan ham jahon darajasidagi munosib global fuqarolar ekanliklari aniqlanadi”, dedi Latnik.

Trampning aytishicha, ushbu kartalarni sotish taxminan ikki hafta ichida boshlanadi va millionlab kartalar sotilishi mumkin. “Huquqiy jihatdan, bu ishni qilish to‘liq qonuniy,” deb qo‘shimcha qildi u.

Rossiyalik oligarxlar ham ushbu kartalarni sotib olishi mumkinmi? degan savolga Tramp: “Ha, ehtimol. Men juda yaxshi inson bo‘lgan bazi rossiyalik oligarxlarni bilaman,” deb javob berdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing