Tramp jismoniy va ruhiy holatini aniqlovchi test topshirdi

Dunyo

AQSh Prezidenti Donald Tramp navbatdagi rejalashtirilgan tibbiy ko‘rik doirasida kognitiv testdan ham o‘tganini ma’lum qildi. 78 yoshli siyosatchi bu borada o‘zidan avval prezident bo‘lgan Jo Baydendan farqli yo‘l tutganini, Bayden esa bu kabi tekshiruvlardan o‘tishdan bosh tortganini bildirdi.

Tramp jismoniy va ruhiy holatini aniqlovchi test topshirdi
"Men sizlarga yana nima deyishim mumkin — barcha savollarga to‘g‘ri javob berdim," — dedi Respublikachilar partiyasi vakili Tramp 11-aprel, juma kuni kechqurun jurnalistlarga. Biroq u test turi yoki aniq natijalar haqida batafsil ma’lumot bermadi.

Tramp shuningdek, ilgari ham bir necha bor shunday testlardan o‘tganini va ularni xatosiz bajarganini qo‘shimcha qildi. U umumiy salomatligi haqida ham ijobiy fikr bildirdi: "Umuman olganda, o‘zimni juda yaxshi holatda deb his qildim. Yaxshi yurak. Yaxshi qalb. Juda yaxshi qalb." Shuningdek, u test natijalari 13-aprel kuni e’lon qilinishini va’da qildi.

Amerika siyosatida o‘ziga xos an’ana mavjud: prezidentlar vaqti-vaqti bilan o‘z sog‘lig‘i haqida ochiq ma’lumot berishadi. Bu qonun bilan talab qilinmasa-da, deyarli barcha AQSh prezidentlari ushbu an’anaga rioya qiladi, deya ta’kidlaydi dpa agentligi.

Ma'lumot o'rnida, 2021-yilda Bayden AQSh tarixidagi eng keksa prezident sifatida 78 yoshida lavozimga kirishgan edi. Ammo hozir bu rekordni Tramp yangiladi: u ham 78 yoshida prezidentlikka qaytgan bo‘lsa-da, Baydendan bir necha oy katta. Iyunda Tramp 79 yoshga to‘ladi.

Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati (2017–2021) davomida ham ruhiy holati va mamlakat boshqaruvidagi layoqatiga oid savollarga duch kelgan. O‘sha paytda ham u kognitiv testdan o‘tib, bunday shubhalarni yo‘qqa chiqarishga uringan edi. 2018-yil yanvar oyida u odatda demensiya yoki Altsgeymer kasalligini erta aniqlash uchun mo‘ljallangan testdan o‘tgan. Tramp bu testda maksimal — 30 balldan 30 ball to‘plagan va bu natijasi bilan faxrlangan edi. Hatto u o‘zini "juda barqaror dahoga" o‘xshatgan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing